O‘zbekiston Prezidenti Qo‘qon shahrida barpo etilayotgan yangi massiv bilan tanishdi
Aprel 27, 2026. 13:28 • 3 daq
• 317
TOSHKENT, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi bugun Qo‘qon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholining yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik andozalarini hududlarga olib kirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri bo‘lmoqda.
Qadimiy Qo‘qon shahrida qad rostlayotgan yangi massiv ham nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini o‘zgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.
Qo‘qon azaldan aholi zich yashaydigan, tadbirkorlik rivojlangan shaharlardan biri. Shu bois, bu yerda turar joyga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Eskirgan infratuzilma va cheklangan yashash maydonlari shaharni yangi asosda kengaytirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning ikki yil avval Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida bunyod etilayotgan mazkur massiv aynan shu ehtiyojga amaliy yechim bo‘lmoqda. Bu yerda oilalar zamonaviy va barcha qulayliklarga ega xonadonlar bilan taʼminlanmoqda.
Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga mo‘ljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda. 84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oliy o‘quv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu ishlar yangi massiv aholisi uchun uyidan uzoqlashmagan holda ishlash, taʼlim olish, savdo va xizmatlardan foydalanish, mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirildi. Tayyor taʼmirli xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlang‘ich to‘lov asosida, yillik 16 foiz stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.
Davlatimiz rahbari yangi xonadonlardan biriga kirib, yaratilgan sharoitlar va jihozlanishi bilan tanishdi. Massivning ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu yerda shakllanayotgan yangi muhit odamlarning dunyoqarashi, hayot sifati va turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Farg‘onalik nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
Ular ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari taʼminlanayotgani, zamonaviy taʼlim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar, yangi korxonalar va tadbirkorlik imkoniyatlari aholi hayotini o‘zgartirayotganini taʼkidladi. Nuroniylar bu ishlar yurtda to‘kinlik, farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlayotganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston” massivining ikkinchi bosqichi hamda Qo‘qon shahrini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi