Logo

O'zbekiston Prezidenti telefon orqali muloqotda Turkman xalqining milliy yetakchisini tavallud kuni bilan tabrikladi

Iyun 29, 2025. 17:59 • 2 daq

113
O'zbekiston Prezidenti telefon orqali muloqotda Turkman xalqining milliy yetakchisini tavallud kuni bilan tabrikladi

TOSHKENT, 29-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo'lib o'tgan telefon orqali muloqotda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog'lik, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmanistonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo'shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi O'zbekiston Prezidentiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.

Keyingi yillarda, eng avvalo, mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari tufayli ikki tomonlama hamkorlikda misli ko'rilmagan yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Idoralar o'rtasida yaqin va sermahsul aloqalar yo'lga qo'yilgan, tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi ortmoqda. Muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, jumladan, "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi qurilishi yakunlanmoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda. Qo'shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishlari, Hududlararo forumni o'tkazish rejalashtirilgan.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko'rish masalalari ham ko'rib chiqildi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish