Logo

O'zbekiston Prezidenti BAA delegatsiyasini qabul qildi

Iyun 11, 2025. 17:13 • 59 soniya

45
O'zbekiston Prezidenti BAA delegatsiyasini qabul qildi

TOSHKENT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda "Amea Power", "Etihad Water & Electricity", "TAQA Water Solutions", "AD Ports" va "Masdar" kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.


Suhbat avvalida vazir O'zbekiston yetakchisiga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.


O'zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyidagi BAAga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.


O'zbekiston-BAA strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo'shma korxonalar va to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar soni oshmoqda.


Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi. To'rtinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida BAA kompaniyalari bilan qator yangi kelishuvlar imzolandi.


Energetika, transport, logistika, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, ta'lim, shaharsozlik, suv ta'minoti va boshqa yo'nalishlardagi yirik loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish