O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya moliya vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
May 03, 2026. 20:40 • 2 daq
• 550
TOSHKENT, 3-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishi doirasida bugun Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Masao Yahara ham ishtirok etishdi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon mamlakatimiz yetakchisiga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab bergani taʼkidlandi.
Muloqot chog‘ida iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼatlari alohida qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz moliya tizimini modernizatsiya qilish, xususan, g‘aznachilik sohasiga sunʼiy intellektni joriy etish, raqamli moliya transformatsiyasi va ushbu yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha bir qator istiqbolli takliflarni ilgari surdi.
Qayta tiklanuvchi energiya, tibbiyot, axborot texnologiyalari, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi