O'zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Aprel 23, 2025. 15:24 • 44 soniya
• 674
TOSHKENT, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo'lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O'zbekiston yetakchisiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda O'zbekiston–Rossiya do'stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.
Barcha yo'nalishlarda faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshmoqda. Hududlar va yetakchi sanoat korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda. Madaniyat, san'at, fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi