O'zbekiston Prezidenti Turkiya vitse-prezidentini qabul qildi
May 15, 2025. 20:10 • 54 soniya
• 186
TOSHKENT, 15-may. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, uchrashuv avvalida yuksak martabali mehmon O'zbekiston yetakchisiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda yana-da kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko'rib chiqildi.
Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O'zaro savdo va investitsiyalar hajmi, qo'shma korxonalar soni, aviaqatnovlar ko'paymoqda.
Bugun Toshkent shahrida o'tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishi, biznes muloqoti va ko'rgazmaning samarali natijalari yuksak baholandi.
Tovar ayirboshlashni, shu jumladan Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish orqali yana-da ko'paytirish bo'yicha o'zaro muvofiqlashgan choralar ko'rish muhim ekani ta'kidlandi.
Innovatsiyalar, energetika, sanoat, farmatsevtika, to'qimachilik, turizm, ta'lim va boshqa sohalarda qo'shma loyihalarni ilgari surish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirish zarurligi ta'kidlandi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig'ilishi kun tartibini tayyorlashga alohida e'tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi