Lyublyana shahrida O'zbekiston Prezidenti Sloveniya Milliy assambleyasi raisi bilan uchrashuv o'tkazdi
May 22, 2025. 21:13 • 51 soniya
• 90
TOSHKENT, 22-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniyaga rasmiy tashrifi doirasida bugun Sloveniya Milliy assambleyasi raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston bilan Sloveniya o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni, shu jumladan ikki mamlakat parlamentlari darajasida yana-da rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.
Keyingi yillarda parlamentlararo almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Sloveniya Milliy assambleyasi komissiyasi raisi Predrag Bakovich ishtirok etdi. Ikki mamlakat parlamentlarida "do'stlik guruhlari" tashkil etilgan.
Qo'shma loyihalarni qo'llab-quvvatlash va jadallashtirish uchun sohaviy qo'mitalar darajasida parlamentlararo hamkorlik muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, gumanitar hamkorlikni qo'llab-quvvatlashda, jumladan, madaniyat va kino kunlari, ko'rgazmalar o'tkazish, oliy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik almashinuvlarni rivojlantirishda parlamentlarning ko'magi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida tashabbuslarni muvofiqlashtirish va o'zaro qo'llab-quvvatlash kuchaytiriladi.
Birinchi O'zbekiston-Sloveniya parlamentlararo forumini deputatlar va ekspertlar hamjamiyati ishtirokida Samarqand shahrida o'tkazish taklif qilindi.
Parlamentlar o'rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha qo'shma "yo'l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi