Logo

O'zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisini "Oliy Darajali Do'stlik" ordeni bilan mukofotladi

Aprel 24, 2025. 16:17 • 2 daq

670
O'zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisini "Oliy Darajali Do'stlik" ordeni bilan mukofotladi

TOSHKENT, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun ikki tomonlama muzokaralar yakunida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O'zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do'stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo "AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlarimiz o'rtasidagi an'anaviy do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.


– Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko'lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi sizning nomingiz bilan chambarchas bog'liq, – dedi O'zbekiston Prezidenti.


Turkmanistonda iqtisodiyotning barqaror o'sishi ta'minlanmoqda, aholi farovonligi izchil yuksalmoqda. Prezidentimiz Turkman xalqining milliy yetakchisi tomonidan ilgari surilayotgan global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash yo'lidagi xalqaro tashabbuslarni alohida qayd etdi.


Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedovning 2025-yilni "Tinchlik va ishonch yili" deb e'lon qilish to'g'risidagi taklifi xalqaro miqyosda keng qo'llab-quvvatlangani ta'kidlandi.


Shuningdek, Turkmaniston yetakchisining shaxsiy sa'y-harakatlari tufayli O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani, haqiqatdan namunaviy tus olgani alohida e'tirof etildi.


– Shaxsan sizning ko'magingiz bilan 2017-yilda davlatlarimiz strategik sherikligining mustahkam asosi yaratildi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.


Gurbanguli Berdimuhamedovga O'zbekiston Respublikasining oliy mukofoti topshirilishi ko'p millatli xalqimizning atoqli davlat arbobi, bugungi Turkmanistonning milliy yetakchisi va me'mori sifatida unga nisbatan samimiy hurmat-ehtiromi ifodasi bo'lgani ta'kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish