O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari "Medeu" tog'-chang'i klasterini borib ko'rdilar

Mart 29, 2025. 14:15 • 2 daq

119
O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari "Medeu" tog'-chang'i klasterini borib ko'rdilar

TOSHKENT, 29-mart. "Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev "Medeu" tog'-chang'i klasteriga tashrif buyurdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, mamlakatimiz rahbariga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda barpo etilgan "Medeu" to'g'onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so'zlab berildi.


"Medeu" to'g'onining tepasiga 842 pog'onadan iborat "Salomatlik zinapoyasi" olib boradi. 2011-yilda to'g'on yonida "Shimbuloq" tog'-chang'i maskaniga eltuvchi 4,5 kilometr uzunlikdagi dor yo'li qurilgan.


"Medeu" sport majmuasi 1972-yilda barpo etilgan bo'lib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan.


Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr bo'lib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.


Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam o'tkazib kelinmoqda.


2011-yilda bu yerda VII qishki Osiyo o'yinlari, 2017-yilda Butunjahon Universiada musobaqalari o'tkazilgan.


Tanishuv chog'ida O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning ko'rgazmali chiqishlarini tomosha qildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish