O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston Prezidentlari Xo'jand shahrida qo'shma konsertda ishtirok etdilar
Mart 31, 2025. 22:28 • 2 daq
• 97
TOSHKENT, 31-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun uch mamlakat madaniyat va san'at ustalarining konsertida qatnashdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti o'z so'zida birodar xalqlarni bahoriy yangilanish bayrami Navro'z va muborak Ramazon hayiti bilan chin dildan qutladi.
- Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir, - dedi O'zbekiston Prezidenti.
Xalqlarimizning muqaddas tuprog'i, dini, taqdiri bir, tashvish-u quvonchlari, intilishlari o'xshash ekani ta'kidlandi. Endi bu go'zal zaminni bugungi va kelajak avlodlar munosib va baxtli yashashi uchun birgalikda obod qilish bizning burchimizdir.
Keyingi yillarda umumiy siyosiy iroda tufayli mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarda ulkan ijobiy o'zgarishlar yuz berdi.
Bugun O'zbekiston bilan Tojikiston o'rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risida shartnoma kuchga kirdi. Yaqin kunlarda O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida ham shunday hujjat imzolanadi.
Savdo, investitsiyalar, yuk tashish, fuqarolarning bordi-keldisi izchil ko'payib bormoqda. Muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda.
Bugungi muzokaralarda ishbilarmonlik va madaniy almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish, to'g'ridan-to'g'ri parvozlar sonini ko'paytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o'rtasida yangi avtobus yo'nalishlarini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Madaniy tadbirlar, ijodiy festivallar, yoshlar forumlari, sport musobaqalarini muntazam o'tkazib borishga alohida e'tibor qaratildi.
- San'at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi odamlarni birlashtirish. Uch mamlakatning iste'dodli san'at ustalari ijrosidagi bugungi konsert ham madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va mushtarakligini yana bir bor namoyish etadi, - dedi so'zining yakunida O'zbekiston Prezidenti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi