O'zbekiston Prezidenti Parkent tumanidagi Kumushkon mahallasiga tashrif buyurdi va mehmon uylarini ko'zdan kechirdi
Iyun 18, 2025. 19:54 • 2 daq
• 82
TOSHKENT, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrifi davomida bugun Kumushkon mahallasida bo'lib, sayyohlik salohiyati va mehmon uylarini ko'zdan kechirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, bu sohaga ko'plab imtiyozlar berilib, tashabbuslar qo'llab-quvvatlanmoqda. Turizm qishloqlarida zarur infratuzilma tashkil etilyapti. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonida mehmon uyi ochganlar talaygina.
Oxirgi yillarda Kumushkonga sayyohlar kelishi ko'paygan. Bugungi kunda saksondan ortiq xonadonda mehmonxona tashkil etilgan. Ularda yiliga 172 ming nafar sayyohga xizmat ko'rsatilmoqda.
Shunday tadbirkorlardan biri Olim Yusubov soy bo'yidagi hovlisida 48 o'rinli mehmon uyi ochgan. Xonalar milliy uslubda, shinam qilib jihozlangan. Mehmon uyi yiliga 2 mingdan ziyod sayyohga xizmat ko'rsatadi.
Prezidentimiz bu yerdagi obodlik va omilkorlikni ko'rib, shunday loyihalarni boshqa so'lim maskanlarda ham tashkil etish kerakligini ta'kidladi. Tadbirkorlarga zarur mablag' ajratib, qo'shimcha xizmatlar tashkil etishiga ko'maklashish bo'yicha mutasaddilarga ko'rsatma berdi. Mahallalarda ichki imkoniyatlarni yuzaga chiqarish aholini band qilishda katta manba ekani qayd etildi.
Bu joylarga sayyohlar so'lim manzaralardan bahramand bo'lish uchun keladi. Shuningdek, Masjidali ziyoratgohi ham diqqatga sazovor joylardan biri.
Toshkent viloyatida mingga yaqin shunday mehmon uylari bor. Ularda 2 ming 500 ta ish o'rni yaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi