O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammitidagi nutqi
Iyun 17, 2025. 19:30 • 6 daq
• 517

(2025-yil 17-iyun, Ostona sh.)
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Qozog'iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich To'qayevga samimiy qabul va "Markaziy Osiyo – Xitoy" ikkinchi sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan minnatdorlik so'zlariga qo'shilaman.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi hurmatli Si Szinpin janoblariga mintaqa davlatlari bilan do'stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qat'iy sodiqligi uchun tashakkur aytaman.
Sizning "Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o'zaro hurmat, o'zaro ishonch va o'zaro yordamga asoslangan ko'p asrlik do'stlik va sheriklik rishtalari hamda yaqin aloqalarni o'rnatish va yuqori sifatli hamkorlikni rivojlantirishga bo'lgan intilish bog'lab turadi", degan so'zlaringizni to'liq qo'llab-quvvatlayman.
Yaqinda nishonlangan tavallud ayyomingiz munosabati bilan Sizning sha'ningizga bildirilgan samimiy qutlov va tilaklarga ham qo'shilaman.
Siz dunyo miqyosidagi davlat arbobi va zamonamizning buyuk siyosatchisisiz.
Sizning chuqur o'ylangan siyosatingiz va mamlakatni modernizatsiya qilish bo'yicha islohotlaringiz tufayli Xitoy jadal rivojlanmoqda.
Siz uch mingdan ortiq islohot va o'zgarishlarni amalga oshirdingiz, mamlakatda Xitoyga xos bo'lgan sotsializm qurish bo'yicha samarali siyosat olib borayapsiz.
Bugungi kunda Xitoy global texnologik va innovatsion taraqqiyotning drayveri sifatida olg'a borib, butun Osiyo qit'asining jadal rivojlanish jarayoniga yetakchilik qilmoqda.
Mintaqamizning barqaror taraqqiyotini aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish vositasida qo'llab-quvvatlash bo'yicha sizning faol sa'y-harakatlaringizni yuksak qadrlayman.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi uchrashuvimiz kun tartibi va tayyorlangan hujjatlarni, jumladan, Ostona deklaratsiyasini qo'llab-quvvatlayman.
Cho'llanishdan ogohlantirish, ta'lim sohasida hamkorlik, kambag'allikka qarshi kurashish bo'yicha qo'shma markazlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Xitoy uzluksiz savdo platformasi ishga tushirilganini olqishlayman. Hech shubhasiz, bu mexanizmlar mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi. O'zbekiston bunday tuzilmalar faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda faol ishtirok etish niyatida.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xitoy donishmandlari aytganlaridek: "Kimki do'stlari bilan birga qadam tashlasa, uzoqqa boradi".
Biz Siandagi ilk tarixiy sammitimizdan keyin jiddiy natijalarga erishdik. Yuqorida ta'kidlanganidek, hamkorlikni ko'p darajada muvofiqlashtirishni ta'minlaydigan Kotibiyat tuzildi.
Turli yo'nalishlar bo'yicha vazirlar va ekspertlarning uchrashuv va yig'ilishlariga oid samarali mexanizmlar ishlamoqda, keng ko'lamli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.
Tahlillar Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi o'sib borayotganini ko'rsatmoqda. Joriy yilda bu ko'rsatkich deyarli 100 milliard dollarga yetadi. Qo'shma korxonalar va loyihalar soni esa 10 mingdan oshadi.
Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qo'shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o'zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qo'shni davlatlar bilan do'stona munosabatlarni rivojlantirish va "Belbog' va yo'l" global konsepsiyasini ilgari surishga qat'iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda.
Shu munosabat bilan ko'ptomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish borasidagi o'z qarashlarimizni bildirmoqchiman.
Bugungi uchrashuvimiz xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashib borayotgan sharoitda bo'lib o'tmoqda. Yo'qotish va talafotlarga sabab bo'ladigan mojarolar yangidan alanga olmoqda, global va mintaqaviy darajadagi yirik davlatlar o'rtasida o'zaro ishonchsizlik kuchaymoqda.
Markaziy Osiyo va Xitoyning transport sohasidagi o'zaro bog'liqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yo'nalish hisoblanadi. "Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston" temir yo'li qurilishi boshlanganini Yevroosiyo makonida yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi, deb hisoblaymiz.
Barcha mamlakatlarimiz uchun keng imkoniyatlar ochadigan va Xitoyni mintaqamiz orqali Janubiy Osiyo bilan bog'lash imkonini beradigan Transafg'on temir yo'l magistrali loyihasi amalga oshirilishining qo'llab-quvvatlanishiga umid qilamiz.
Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o'rganish, muqobil yo'laklar bo'yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman.
Ular faoliyatining natijalari bo'yicha keyingi uchrashuvimizgacha transport yo'laklari va zamonaviy tranzit infratuzilmalarining yagona xaritasini shakllantirish uchun aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi lozim.
Mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotiga jiddiy tahdidlardan yana biri – bu iqlim o'zgarishlari oqibatlaridir.
Ishonchim komil, mintaqada Xitoyning ilg'or tajribasini keng joriy etish xatarlarni kamaytirish, "yashil" kun tartibi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan 2030-yilgacha mo'ljallangan "Yashil" rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish muhimdir.
Cho'llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurg'oqchil va cho'l hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bizning formatda Ekologik alyansni tuzishni taklif etaman.
Qayd etmoqchimanki, Xitoy tajribasi va uslubidan foydalangan holda, biz mintaqada kompleks ko'kalamzorlashtirish va pitomniklar yaratish, biomuhandislik, biomonitoring stansiyalarini rivojlantirishni, shuningdek, ijtimoiy-ta'lim dasturlarini qamrab olgan sinov tariqasidagi loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin.
Sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida to'xtalishni istar edim. Aynan ushbu yo'nalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli o'sishning drayveri bo'lmoqda.
Xitoy intellektual tizimlar rivojlanishida yetakchilik qilib, ushbu yo'nalishda an'anaviy ravishda yuqori o'rinlarni egallab kelmoqda.
Ishonchim komilki, sun'iy intellekt va choklanmagan, transchegaraviy elektron kanallar asosida ishlaydigan katta ma'lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O'zaro integratsiyalashgan banklar tarmog'ini yaratish iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi.
Asosiy energetika va transport yo'nalishlari bo'ylab "Markaziy Osiyo – Xitoy" optik tolali aloqa tarmog'ining raqamli trassasini barpo etish zarur, deb hisoblaymiz.
Bu onlayn savdo, "aqlli" logistika, bulutli texnologiyalar va sun'iy intellekt – Sian deklaratsiyasida o'z ifodasini topgan raqamli kun tartibining barcha yo'nalishlarini yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.
Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini o'zaro boyitish va yaqinlashishga bo'lgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Madaniyatlar rang-barangligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, bizning hamkorligimiz millionlab insonlar uchun madaniy almashuv yo'lida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Bugun qabul qilinayotgan O'zaro tashriflarni yengillashtirish bo'yicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan.
"Ipak yo'li madaniy merosi" yagona raqamli portalini yaratishni taklif etamiz.
U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini, ulardan tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ sanoat vakillarining foydalanishiga imkon bergan holda, birlashtiradi.
Professional ta'lim sohasida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar rektorlari forumlarini o'tkazish, ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish orqali umumiy ilmiy-ta'lim platformalarini shakllantirish maqsadga muvofiq.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik hal qiluvchi ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lib qolishi kerak. Maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari yo'nalishida terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha axborot almashishning ko'ptomonlama ishchi mexanizmlarini yo'lga qo'yishni taklif etaman.
Biz uchun nafaqat qo'shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo'lgan Afg'oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e'tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg'otmoqda.
Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg'onistonning hamkorlik bo'yicha boy tajribaga ega bo'lgan an'anaviy sheriklari sifatida uning qayta tiklanishi va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etilishiga ko'maklashish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deb hisoblayman.
Shu munosabat bilan formatimiz doirasida ushbu masalalarni ko'rib chiqish bo'yicha yuqori darajadagi guruh ta'sis etishni va uning uchrashuvini Afg'oniston vakillari ishtirokida chegaradosh Termizda o'tkazishni taklif etaman.
Hurmatli hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, Xitoy Xalq Respublikasi vakili Sun Veydun janoblariga muloqotimizning doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyati bosh kotibi lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman.
So'zimning yakunida O'zbekiston ochiq muloqotga, "Markaziy Osiyo – Xitoy" formatidagi pragmatik va o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini ta'kidlayman. Ishonchim komilki, bunday sheriklik mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi