Logo

O'zbekiston Prezidentining Mo'g'ulistonga davlat tashrifi yakunlandi

Iyun 25, 2025. 14:33 • 48 soniya

129
O'zbekiston Prezidentining Mo'g'ulistonga davlat tashrifi yakunlandi

TOSHKENT, 25-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo'g'ulistonga davlat tashrifi bugun yakuniga yetdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz yetakchisi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tarixdagi birinchi bo'lgan ushbu tashrif O'zbekiston-Mo'g'uliston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi va ko'p qirrali hamkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Davlatimiz rahbari kecha Ulan-Bator shahrida Prezident Uxnaagiyn Xurelsux bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o'tkazdi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va sanoat sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.

Yakunda Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya imzolandi.

Prezidentlar rafiqalari bilan ikki mamlakat san'at ustalarining qo'shma konsertida ishtirok etdilar. 

Bugun davlatimiz rahbari rafiqasi bilan "Ix Tenger" majmuasiga tashrif buyurdi. Prezidentlar va birinchi xonimlar birgalikda daraxt ekdilar. An'anaviy "Naadam" o'yinlari tomosha qilindi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, O'zbekiston Prezidenti Toshkentga jo'nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonlarni Mo'g'uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo'ydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish