Logo

"Bog'dor" turizm qishlog'ida ko'chmanchilar hayoti va milliy taomlari taqdim etilmoqda

Avgust 07, 2025. 18:24 • 2 daq

40
"Bog'dor" turizm qishlog'ida ko'chmanchilar hayoti va milliy taomlari taqdim etilmoqda

BORO-TALA, 7-avgust. /"Dunyo" AA/. Xitoyga amaliy safar bilan bilan borgan O'zbekiston vakillari Bor-Tala-Mo'g'ul avtonom okrugidagi "Bog'dor" turizm qishlog'i hayoti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur mahalla hayoti boshqa qishloqlardan tubdan farq qiladi. Bizni erta tongda radio uzeldan taralayotgan milliy qo'shiqlarning shirin ohanglari qarshi oldi.

"Bog'dor" qishlog'i o'zining tabiati bilan kishini hayratga soladi. Shundoqqina tog' etagida joylashgan ushbu so'lim maskan sayyohlarning sevimli joyiga aylangan, desak mubolag'a bo'lmaydi.

O'zbekiston vakillarini mahalla yoshlar yetakchisi Dilbar Tog'ay kutib oldi. U qishloq tarixi, aholini ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar bilan birma-bir tanishtirdi.

"Qishlog'imiz tog'-yon bag'rida joylashgani uchun azaldan sayyohlarni o'ziga faol tarzda jalb etib keladi. Shu bois, 2011-yilda "Bog'dor" mahallasini turizm qishlog'iga aylantirish dasturi ishlab chiqildi. Mahallada tashkil etilgan turizm qishlog'ining o'ziga xos tomoni bu yerda asosan ko'chmanchilar hayoti va milliy taomlari taqdim etiladi. Bunday yondashuv sayyohlarga ham juda qiziqarli bo'layapti. Shuningdek, qishlog'imizda agroturizm ham keng rivojlangan. Mahallada 81 xonadon bor. Aholi soni esa 320 kishini tashkil qiladi. Qishloq aholisi tarkibini xitoy, qozoq, mo'g'ul va uyg'urlar tashkil qiladi. Ahamiyatlisi, xalqimiz qaysi millatga mansub bo'lishidan qat'iy nazar hamjihatlikda ish yuritadi. To'y hashamlarimiz ham birga o'tadi. Aholimiz o'rtasidagi ahillik va jipslik qishlog'imiz rivoji hamda xalqimiz farovonligiga xizmat qilayapti", – dedi Dilbar Tog'ay.

Ma'lum qilinishicha, qishloqdagi 24 ta xonadonda mehmon uylari tashkil etilgan. Qishloqqa asoson Xitoyning turli provinsiyalaridan sayyohlar keladi. Yiliga esa 20 ming sayyoh tashrif buyuradi. Yoz oylarida tabiat qo'ynida kempinglar ham tashkil etiladi.

Mahalla vakillarining aytishicha, qishloq turizmi loyihasi amalga oshirilayotganidan buyon bu yerdagi aholining daromadi keskin oshdi. O'tgan yili mazkur turizm qishlog'i ishlab topgan mablag' kishi boshiga 22 ming yuanga teng bo'lgan.

O'zbekiston vakillari Xitoy tomoni bilan qishloq turizmini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi. Yurtimizda turizm qishloqlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha tadbiq etilayotgan dasturlar to'g'risida ta'kidlandi. Mazkur yangi jabha aholi daromadini oshirish va ichki turizmni rivojlantirishning muhim omili ekanligi alohida urg'ulandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish