Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish kuniga bag'ishlangan konferensiya o'tkazildi
Noyabr 26, 2025. 09:43 • 3 daq
• 781
TOSHKENT, 26-noyabr. /"Dunyo" AA/. Poytaxtimizda "Raqamli transformatsiya davrida gender tengligini ta'minlash: muammo va yechimlar" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish kuni. Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasining 1999-yilda qabul qilingan rezolyutsiyasi asosida xalqaro kun sifatida belgilangan. 25-noyabrdan 10-dekabrgacha davom etuvchi "Zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik" doirasida barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish bo'yicha keng qamrovli tadbirlar o'tkazishga chaqiriladi. Ushbu konferensiya ham aynan shu 16 kunlik tadbirlar doirasida tashkil etildi.
Mazkur konferensiyaga Oila va xotin-qizlar qo'mitasi huzuridagi Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva moderatorlik qildi.
Tadbirda ta'kidlanishicha, so'nggi yillarda O'zbekistonda gender siyosatini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning raqamli ko'nikmalarini rivojlantirish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida"gi qonun, "Gender tengligini ta'minlash milliy strategiyasi", "Ayollarni qo'llab-quvvatlash davlat dasturi" kabi hujjatlar davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylanganini yaqqol ko'rsatadi.
– Xalqaro reytinglarda natijalarimiz tobora yaxshilanmoqda. "Global gender tafovut" indeksining 2025-yilgi hisobotiga ko'ra, O'zbekiston 148 ta davlat orasida 0,678 ball bilan 110-o'rinni egalladi, – deydi Nodira Egamberdiyeva. – Ta'lim ko'rsatkichi bo'yicha O'zbekiston reytingda 87-o'rindan 43-o'ringa, ya'ni bir yil ichida 44 pog'ona yuqoriga ko'tarildi. Siyosiy vakillik subindeksi bo'yicha 89-o'rindan 82-o'ringa yuqorilab, mintaqada 20 foizdan yuqori darajaga erishgan davlatlar qatoriga kirdik.
So'nggi tadqiqotlarga ko'ra, agar global miqyosda raqamli gender tafovuti bartaraf etilsa, 2030 yilga borib dunyo yalpi ichki mahsuloti 1,5 trillion AQSh dollariga oshishi, 2050-yilda esa 30 million xotin-qizni qashshoqlikdan chiqarish imkoni paydo bo'lishi mumkin.
– Raqamli texnologiyalar ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Masofaviy mehnat, onlayn ta'lim, raqamli tadbirkorlik, AKT va STEAM sohalarida yuqori daromadli kasblar paydo bo'ldi, – deydi Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Kamola Sobirova. – Biroq ayni paytda raqamli tafovut, raqamli savodxonlikdagi farqlar, onlayn zo'ravonlik, kiber tahdidlar, diskriminatsion kontent va stereotiplar ham kuchayib borayotgani haqiqat. Shu bois zo'ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz muhitni yaratish, har bir ayol va har bir qiz o'zini xavfsiz his qiladigan jamiyatni barpo etish barchamizning umumiy vazifamiz hisoblanadi.
Konferensiya davomida xotin-qizlar orasida zamonaviy texnologik bilimlarni keng targ'ib etish zarurligi qayd etildi. Zero, bugungi raqamli transformatsiya davrida gender tengligini ta'minlash masalasini nafaqat imkoniyatlar yaratish bo'yicha, balki xatarlar va ularga qarshi mexanizmlar nuqtai nazaridan ham ko'rib chiqish zarur.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi