Logo

Termizdagi O‘zbekiston–Rossiya ekspertlar uchrashuvi natijalari Yevroosiyoning yana-da kengroq, o‘zaro bog‘langan va barqaror arxitekturasini shakllantirishga hissa qo‘shadi

Mart 30, 2026. 19:27 • 5 daq

99
Termizdagi O‘zbekiston–Rossiya ekspertlar uchrashuvi natijalari Yevroosiyoning yana-da kengroq, o‘zaro bog‘langan va barqaror arxitekturasini shakllantirishga hissa qo‘shadi

TERMIZ, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Termiz shahrida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda “Valday” xalqaro munozara klubining ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

So‘nggi yillarda ushbu format ekspertlar hamkorligining barqaror platformasiga aylanib, O‘zbekiston va Rossiya uchrashuvlar almashinuvi bilan yaxshi anʼanaga aylandi.

Tadbirda Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mixail Galuzin, “Valday” munozara klubi jamg‘armasi boshqaruvi raisi Andrey Bystriskiy, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Rossiya va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari – Aleksey Yerxov va Botirjon Asadov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, ikki mamlakat ekspert va tahliliy doiralari vakillari ishtirok etdi.


Termiz: sivilizatsiyalarning tarixiy chorrahasidan zamonaviy logistika xabigacha

Muloqot maydoni sifatida Termiz shahri tanlangani chuqur ramziy maʼnoga ega. Ikki ming yildan ziyod tarixga ega shahar asrlar davomida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida tabiiy ko‘prik vazifasini o‘tagan. Aynan u orqali Yevroosiyo mintaqalarini bog‘laydigan eng muhim savdo va madaniy yo‘llar o‘tgan.

Bugungi kunda bu tarixiy rol yangi mazmun bilan to‘ldirilmoqda. Bu yerda gap nafaqat geografik joylashuv, balki transport yo‘laklari, logistika zanjirlari, energetika va savdo yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan yangi o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasini shakllantirish haqida bormoqda. Ular birgalikda Rossiya, MDH va Markaziy Osiyo bozorlarini jadal rivojlanayotgan Janubiy Osiyo makoni bilan bog‘lashga mo‘ljallangan.

Zamonaviy Termiz bu o‘zgarishlarning asosiy elementiga aylanmoqda. Shaharda yangi turdagi infratuzilma shakllanmoqda: vizasiz rejimga ega Xalqaro savdo markazi, rivojlangan xizmat ko‘rsatish va taʼlim ekotizimi, transport-logistika xabi. “Termiz Kargo markazi” alohida ahamiyatga ega bo‘lib, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan Afg‘onistonga 150 ming tonnaga yaqin insonparvarlik yordami yetkazib berildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mixail Galuzin mintaqaviy hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish uchun Termizning strategik ahamiyatini alohida taʼkidladi. U Surxondaryo viloyatini “O‘zbek yerining boy qadimiy tarixi, uning dinamik rivojlanishi va yorqin istiqbollarini o‘zida mujassam etgan voha” deb atadi. Uning fikricha, O‘zbekistonning Termizda Xalqaro savdo markazini – “noyob investitsiya loyihasi”ni yaratishdagi tajribasi O‘zbekiston va Rossiya tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik uchun katta amaliy ahamiyatga ega.


O‘zbekiston–Rossiya hamkorligi yangi Yevroosiyo arxitekturasining muhim omili

Uchrashuvda joriy yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 34 yilligi nishonlangan O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining holati va istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

SMTI direktori Eldor Aripov bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.

Bu aniq ko‘rsatkichlar bilan tasdiqlanadi:

·tovar ayirboshlash 3 barobardan ziyod – 4,2 mlrd dollardan qariyb     13 mlrd dollargacha oshdi;

·o‘zlashtirilgan Rossiya investitsiyalari hajmi 5 mlrd dollarga     yaqinlashdi;

·umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yuzlab qo‘shma     loyihalar, jumladan, mintaqaviy darajada 200 dan ortiq tashabbuslar amalga     oshirilmoqda.

Bundan tashqari, E.Aripovning so‘zlariga ko‘ra, asosan savdo modelidan kompleks sanoat kooperatsiyasiga, qo‘shma qiymat zanjirlari va texnologik alyanslarni shakllantirishga o‘tilayotgani kuzatilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, SMTI direktori zamonaviy O‘zbekiston–Rossiya munosabatlarining uchta tayanchini sanab o‘tdi:

·barqarorlik – global turbulentlik sharoitida ham ikki tomonlama aloqalar barqaror o‘sish va     moslashuvchanlikni namoyish etmoqda;

·tuzilmaviy yetuklik – hamkorlikning murakkab shakllariga, jumladan, qo‘shma investitsiya platformalari va texnologik zanjirlarga o‘tish;

·bashorat qila olish – yuqori darajadagi ishonchli siyosiy muloqot bilan taʼminlangan. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida 5 ta oliy darajadagi uchrashuv va 12 ta telefon muloqoti, 2017-yildan buyon esa turli darajalarda 1000 dan ortiq o‘zaro     tashriflar amalga oshirilgani ishonch va uzoq muddatli rejalashtirish     uchun mustahkam asos bo‘lmoqda.


Hududlarning kooperatsiya drayverlari sifatidagi roli: Tatariston tajribasi

Ekspertlar uchrashuvi doirasida hamkorlikning mintaqaviy yo‘nalishiga alohida urg‘u berildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va innovatsiya sohalarida amaliy loyihalar shakllanayotgan hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Rossiyaning yetakchi sanoat va innovatsiya markazlaridan biri bo‘lgan Tatariston Respublikasi delegatsiyasining ishtirokiga eʼtibor qaratildi. Tataristonning neft-kimyo, mashinasozlik, AKT va taʼlim sohalaridagi tajribasi mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.

Chirchiq va Jizzaxda “Ximgrad” ishtirokida texnologik parklarni yaratish, shuningdek, Qozon federal universiteti filiali faoliyati kabi amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamkorlik uchun barqaror sanoat, texnologik va taʼlim poydevorini shakllantirmoqda.


Janubiy yo‘nalish: iqtisodiy integratsiyaning yangi ufqi

Transport va logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishi sifatida belgilandi. Anʼanaviy shimoliy yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, Afg‘oniston orqali Hind okeani portlariga olib boradigan janubiy yo‘nalish ham ishlab chiqilmoqda.

Ushbu yo‘nalishga logistikani diversifikatsiya qilish, transport xarajatlarini kamaytirish va Janubiy Osiyoning ko‘p milliard dollarlik bozorlariga chiqish uchun strategik imkoniyat sifatida qaralmoqda.

Ekspert diplomatiyasi kun tartibini belgilash vositasi sifatida

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda ekspertlar muloqoti alohida o‘rin tutishi taʼkidlandi.

“Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi Andrey Bistriskiy ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi, tarixan shakllangani va bugungi tez o‘zgaruvchan dunyoda alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularni saqlab qolish va mustahkamlash uchun global va mintaqaviy jarayonlarni birgalikda tahlil qilish, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, intellektual muloqotni kuchaytirish zarur.

Shu nuqtayi nazardan, SMTI va “Valday” klubi o‘rtasidagi hamkorlik yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, fikr almashish va talab yuqori bo‘lgan amaliy yo‘naltirilgan yechimlarni ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylandi.


Xulosa: Termiz yangi Yevroosiyoning o‘sish nuqtasi sifatida

Ishtirokchilar yig‘ilish yakunlari nafaqat O‘zbekiston–Rossiya sherikligini yana-da mustahkamlashga, balki Yevroosiyoning yana-da keng, o‘zaro bog‘langan va barqaror arxitekturasini shakllantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shu nuqtai nazardan, Termiz o‘zining noyob tarixiy merosi va zamonaviy infratuzilma salohiyatidan foydalanib, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yangi mintaqaviy aloqalarning asosiy markazlaridan biri sifatida o‘zini namoyon qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish