O'zbekistonda imkoniyati cheklangan bolalarga qanday yordam va xizmatlar ko'rsatilmoqda?
Iyul 19, 2025. 11:30 • 3 daq
• 153
TOSHKENT, 20-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini faol qo'llab-quvvatlash va ijtimoiy moslashuviga qaratilgan bir qator dastur va tashabbuslar amalga oshirilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, imkoniyati cheklangan bolalarning rivojlanishi uchun sifatli ijtimoiy xizmatlar yo'lga qo'yilib, ular har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.
O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida "Dunyo" AA muxbiri inklyuziv jamiyat qurishga hissa qo'shayotgan, odamlarning dardi bilan yashayotgan insonlar bilan suhbatlashdi.
Iroda Hamidova, "Wunderkind" maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi:
– Maktabimiz qoshida 9 nafar tarbiyalanuvchiga mo'ljallangan imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus markazda ayni paytda 7 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularga ikki nafar mutaxassis tarbiyachi va bir nafar yordamchi tarbiyachi qaraydi.
Markazda bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Haftada besh kun, 9 soatlik kun tartibida ishlaymiz. Tarbiyachilar bolalardagi elementar ko'nikmalarni rivojlantirishga, masalan, qoshiq ushlashi yoki qalam ushlab ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilishiga chin dildan harakat qilmoqda.
Ushbu markaz davlatimiz rahbarining imkoniyati cheklangan shaxslarni qo'llab-quvvatlash tashabbusi doirasida ochilgan.
Bugungi kunda bizda turli xizmatlar, shu jumladan, psixolog xizmati mavjud bo'lib, undan nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari ham foydalanishi mumkin.
Markaz kelgusida yana-da yuqori natijalarga erishishiga ishonaman. Buning uchun rahbariyatimiz va muassislarimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bunday mas'uliyatli ishni yuritish uchun bolalarni chin dildan yaxshi ko'rish kerak deb o'ylayman. O'qituvchi bolaning qalbini eshita olishi va unga yordam berishga tayyor bo'lishi kerak.
Farhod Komilov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi:
– Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2025-yil 1 martdan boshlab respublikaning 7 ta hududi, shu jumladan, Toshkent shahrida kunduzgi parvarish xizmatini tajriba-sinov tariqasida tashkil etdi. 1-oktyabrga qadar ushbu xizmatni mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar respublikaning barcha tumanlarida tadbirkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida shartnomalarni imzolashga erishdik.
Bugungi kunda kunduzgi parvarish xizmati bilan 1200 nafar bola qamrab olingan. Shu o'rinda, ularning o'ziga xos xususiyatlari va ehtiyojlari haqida jamoatchilikni kengroq xabardor qilish kerak, deb hisoblaymiz.
Agentlikning hududiy boshqarmalari huzurida psixologik, tibbiy va pedagogik komissiyalar faoliyat ko'rsatmoqda. Ushbu komissiyalar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarni kompleks tekshiruvdan o'tkazadi va ular uchun eng maqbul ta'lim shakli to'g'risida xulosalar beradi. Bu inklyuziv, maxsus ta'lim yoki kunduzgi parvarish xizmatiga xulosa (yo'llanma) bo'lishi mumkin.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, kunduzgi parvarish xizmati ta'lim jarayonini o'z ichiga olmaydi. U faqat tarbiya va parvarishga yo'naltirilgan. Tadbirkor kuniga 9 soat davomida bola parvarishini ta'minlaydi, bu esa ota-onalarga dam olish, ishga joylashish yoki boshqa ishlar bilan shug'ullanish imkonini beradi.
Ota-onalar bilan qo'shimcha kelishuv asosida bolaning markazda bo'lishi uzog'i bilan 12 soatgacha uzaytirilishi mumkin. Ammo har qanday holatda ham bola uyga – ota-onasi bag'riga qaytishi lozim.
Asosiy maqsadimiz bolalarni internat muassasalariga tushish holatlarini kamaytirish yoki umuman oldini olishdir. Kunduzgi parvarish xizmatlari aynan shu maqsadda tashkil etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi
Qoraqalpoq o‘tovi YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi