“Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi yakunlari bo‘yicha “Toshkent tashabbusi” qabul qilindi
May 14, 2026. 19:25 • 3 daq
• 297TOSHKENT, 14-may /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi (IHMM) hamda Inson huquqlarini rivojlantirish Xitoy jamg‘armasi (CFHRD) hamkorligida “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotga birgalikda ko‘maklashish” mavzusida tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan davlat idoralari, ekspert va ilmiy hamjamiyat, ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro tadbirda qayd etilganidek, har bir insonning o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini taʼminlash butun insoniyatning umumiy maqsadidir. Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida taraqqiyotga birgalikda ko‘maklashish va inson huquqlarini ilgari surish masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.
Forum davomida Inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha Xitoy jamg‘armasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati bosh kotibi o‘rinbosari Samadi Shoxin hamda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Alua Nadirkulova fikr bildirdi.
Ekspertlar “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha to‘rtinchi forum BMTning Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligi va Global rivojlanish tashabbusining 5 yilligi nishonlanayotgan 2026-yilda o‘tkazilayotgani alohida ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratdi. Eʼtiborlisi, Toshkent forumi aynan “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorligi sifat jihatidan yuksak rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan muhim davrga to‘g‘ri keldi.
Forumning yalpi majlisida inson huquqlari sohasida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Mavzu yuzasidan olti davlatning yetakchi ekspertlari maʼruzalari tinglandi.
Jumladan, O‘zbekiston Odil sudlov akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Xalqaro huquq instituti direktori Lyu Xuaven, Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bo‘lim mudiri Viktor Tixonov, Qirg‘iziston Ombudsman (Akiyatchi) instituti bo‘lim mudiri Emilbek Ajibekov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Pekin politexnika universiteti ilmiy kengashi rahbari, Xitoyning fan va texnologiyalar sohasida inson huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Si Yanpin, Tojikiston Prezidenti Ijroiya apparati bosh mutaxassisi Parviz Olimzoda, Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti katta ilmiy xodimi Dovlat Amanmiradov, Uxan universiteti yuridik fakulteti dekani, Xitoy ekologik huquq ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sin Tyanbao so‘zga chiqdi.
Muhokamalar uchta panel sessiyasida davom ettirildi. Ularda rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, “yashil” rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari rivojiga ko‘maklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar forum mavzusi yuzasidan atroflicha fikr bildirib, inson huquqlarini samarali himoya qilishning asosiy omillari sifatida aholi farovonligini yuksaltirish, raqamli boshqaruvni mustahkamlash va “yashil” taraqqiyotni jadallashtirish kabi yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, mazkur sohalardagi ilg‘or g‘oya va amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
Muhokamalar yakunida “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumining “Toshkent tashabbusi” deb nomlangan yakuniy hujjati ishlab chiqildi va uning taqdimoti o‘tkazildi.
Forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi bilan Inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha Xitoy jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi







