Logo

Samarqand Ipak yo'li tarixida yangi sahifa ochmoqda

Iyul 03, 2025. 16:46 • 2 daq

740
Samarqand Ipak yo'li tarixida yangi sahifa ochmoqda

SAMARQAND, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Bugun Sharq gavhari – qadimiy Samarqand shahrida "Ipak yo'li" Butunjahon sayyohlik alyansining xalqaro muloqoti (WTA Silk Road Dialogue) o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forum O'zbekiston Turizm qo'mitasi va Jahon sayyohlik alyansi tomonidan Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi, O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi ko'magida, shuningdek, "Rocket DMC Uzbekistan", "Silk Road Samarkand", Xitoy sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

"Ipak yo'li" muloqoti Butunjahon turizm alyansi uchun yilning asosiy voqeasidir. Uning maqsadi turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlarni joriy etish, iste'dodlarni rivojlantirish, qishloqlarni qo'llab-quvvatlash va madaniy hamkorlikni chuqurlashtirishdan iborat.

Muloqot kun tartibidan Xitoy va Markaziy Osiyoda turizm bozorlarini rivojlantirishning dolzarb mavzulari, Ipak yo'li bo'ylab yangi sayyohlik imkoniyatlarini izlash, raqamli reklama va marketing strategiyalariga zamonaviy yondashuvlar, shuningdek, noyob sayyohlik mahsulotlarini yaratish masalalari o'rin olgan.

Tadbirda "BMT Turizm" va WTA tomonidan tayyorlangan, barqaror turizm orqali mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirishga qaratilgan Qo'shma "yo'l xaritasi" taqdim etiladi. O'zbekiston Xitoyning Ipak yo'lidagi yaqin va ishonchli hamkori bo'lib, uzoq yillardan buyon ikki tomonlama munosabatlarni ishonch bilan mustahkamlab kelmoqda. Siyosiy ishonchning mustahkam poydevoriga ko'ra, mamlakatlar Markaziy Osiyoda taqdiri mushtarak hamjamiyat yaratish g'oyasini birgalikda ilgari surgan holda keng ko'lamli sohalarda hamkorlikni faol kengaytirmoqda.

"Ipak yo'li" muloqoti mintaqaning turizm bozorlarini o'rganish, yangi yunalishlar va mahsulotlarni ishlab chiqish, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar ochadi.

Tadbir "Ipak yo'li" muloqoti orqali yaxshiroq kelajakni qurish" shiori ostida o'tkazilib, plenar ma'ruzalar, tematik davra suhbatlari, "Xanchjou " tadbiri, turizm taqdimoti va boshqa qator sessiyalarni o'z ichiga oladi.

Eslatib o'tamiz, 2017-yil 11-sentyabrda Xitoyning Chendu shahrida tashkil etilgan Butunjahon turizm alyansi (WTA) xalqaro, notijorat va nodavlat tashkilot hisoblanadi. "Yaxshiroq turizm, yaxshiroq hayot, yaxshiroq dunyo" shiorini ilgari surayotgan Alyans turizmni barqaror rivojlanish, kambag'allikni qisqartirish va global hamkorlikni mustahkamlash uchun kuchli vosita sifatida targ'ib etishni maqsad qilgan.

Uning tarkibiga 45 ta davlatdan 259 a'zo kiradi, jumladan, milliy va mintaqaviy turistik assotsiatsiyalar, sayyohlik kompaniyalari, ilmiy muassasalar, nodavlat tashkilotlar, OAV va boshqalar. Tashkilot Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan faol qo'llab-quvvatlanadi va Ipak yo'lida turizmning kelajagi yo'lidagi sa'y-harakatlarni birlashtiruvchi g'oyalar, strategiyalar va hamkorliklar uchun global platforma sifatida xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish