Logo

Toshkentda "Ipak yo'lida turizm" 30-yubiley xalqaro sayyohlik yarmarkasi boshlandi

Noyabr 27, 2025. 12:49 • 3 daq

576
Toshkentda "Ipak yo'lida turizm" 30-yubiley xalqaro sayyohlik yarmarkasi boshlandi

TOSHKENT, 27-noyabr. / "Dunyo" AA/. Bugun poytaxtimizdagi Central Asian Expo Uzbekistan xalqaro ko'rgazma markazida "Ipak yo'lida turizm" 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi ish boshladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu nufuzli xalqaro yarmarka doirasida ishbilarmonlik dasturlari, xorijiy mamlakatlarning milliy stendlari namoyish etilib, turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

1995-yildan buyon Butunjahon turizm tashkiloti ko'magida o'tkazib kelinayotgan ushbu turizm yarmarkasi sayyohlik mahsulotlarini targ'ib qilish, O'zbekistonning xalqaro imijini shakllantirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishda xizmat qilmoqda. Tadbirning nufuzi va ko'lami tobora ortib borayotganini turli mamlakatlardan yuzlab mutaxassislar, nomdor kompaniya va tashkilotlar vakillarining qatnashayotgani ham tasdiqlaydi.

Bu yilgi yarmarkada Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Hindiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Xitoy, Chexiya, Germaniya, Pokiston, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, Niderlandiya kabi 40 yaqin davlat vakillari ishtirok etmoqda. Hududlar va tarmoq korxonalarining 58 ta stendi, 65 ta xalq hunarmandlari stendi tayyorlangani tashrif buyuruvchilar sonining ko'payishi va keng ko'lamda ishtirok etishidan dalolat beradi.

Bu galgi yubiley dasturidan "O'zaero" xalqaro aviatsiya forumi, "Delicious Uzbekistan" gastronomik festivali, Turizm ta'limi forumi, "Global turizm media-kampusi", Etnoo'yinlar festivali va Islom hamkorlik tashkilotining Turizm forumi o'rin olgan.

Yevropa Ittifoqining yigirmadan ortiq mamlakati vakillari ishtirokida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi turizm forumining o'tkazilishi muhim voqea bo'ladi. Shu bilan birga, O'zbekiston–Rossiya turizm bo'yicha kichik komissiyasining uchinchi yig'ilishi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining turizm bo'yicha maslahat qo'mitasining birinchi yig'ilishi ham bo'lib o'tmoqda.

Yarmarka ishtirokchilari milliy stendlar bilan tanishib, forum va ekspert sessiyalarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar jahon darajasidagi oshpazlarning mahorat darslari, gastronomik taqdimotlar va O'zbekiston hunarmandchilik san'ati ekspozitsiyasidan bahramand bo'lmoqda. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridagi yangi sayyohlik zonalari va yo'nalishlari namoyish etilmoqda. An'anaga ko'ra, hamkorlikni kengaytirish va yangi shartnomalar tuzishga qaratilgan B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.

Tadbir turizm sohasidagi jadal islohotlar fonida o'tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohada keng ko'lamli o'zgarishlar amalga oshirilmoqda: yuzga yaqin mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi, 1200 dan ortiq yangi sayyohlik obyektlari tashkil etildi, yuzdan ortiq yo'nalishlar shakllantirildi. 2024-yilda xorijiy sayyohlar soni o'n millionga yetgan bo'lsa, 2030 yilga borib bu ko'rsatkichni yigirma millionga yetkazish rejalashtirilgan.

Yubiley yarmarkasiga nafaqat O'zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va turizm sanoatini rivojlantirish uchun muhim platforma sifatida qaralmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish