Energiya siyosati asosida ish yuritish O'zbekistonga istiqbolli investorlarni jalb qilishda muhim rol o'ynaydi
Iyul 09, 2024. 19:06 • 4 daq
• 1192
TOSHKENT, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "O'zsanoatqurilishbank" tizimida "yashil" iqtisodiyotga o'tish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda bank rahbariyati hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari O'zbekistonda ekologik barqarorlik va atrof-muhit muhofazasini ta'minlash, bu borada bank tashabbuslari xususida ma'lumot berdi.
Anjumanda "O'zsanoatqurilishbank"ning "Green banking" faoliyatida ushbu strategiyada ko'zda tutilgan muhim yo'nalishlar qamrab olingani ta'kidlandi. Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda "Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi" ishlab chiqilgan. "Yashil bozor" tadqiq qilingan. Korporativ va chakana, kichik va o'rta biznes toifasidagi mijozlar uchun "yashil" kreditlar joriy etilgan.
"Yashil" loyihalarni baholash samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro miqyosdagi Moliyaviy institutlar uchun iqlim o'zgarishini baholash (Climate Assessment for Financial Institutions – CAFI) platformasiga ulangan.
Xalqaro standartlar doirasida ESG (Environmental, Social, and Governance) va barqaror rivojlanish hamda energiya siyosati ishlab chiqilib, global ekologik va ijtimoiy dasturlarni yanada faol qo'llab-quvvatlashga kirishilgan.
"ESG tamoyillari va energiya siyosati asosida ish yuritish bankning mijozlar va hamkorlar bilan "yashil" iqtisodiyot mezonlari asosida hamkorlik qilishini nazarda tutadi, mamlakatimizga istiqbolli investorlarni jalb qilishda muhim rol o'ynaydi, – dedi "O'zsanoatqurilishbank" ATB boshqaruv raisi o'rinbosari Farrux Abdurahmonov. – Mazkur hujjatlarga ko'ra, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi umumjahon miqyosda kuzatilayotgan global muammolar yechimi o'rganiladi. Bu bankning iqlim o'zgarishi darajasini pasaytirish borasidagi sa'y-harakatlari natijadorligini oshirishga, katta miqdorda mablag' va resurslarni tejashga xizmat qiladi".
Joriy yilning o'tgan davrida muassasa tomonidan 410 dan ziyod "yashil" loyihalar moliyalashtirildi. Natijada qariyb 800 ming MVt elektr energiyasi, 38 ming metr kub suv, 107 ming metr kub tabiiy gazni tejashga hamda atrof-muhitga chiqayotgan issiqxona gazlarini 320 ming tonnaga qisqartirishga erishildi. 6800ga yaqin ish o'rni yaratildi.
Tadbirda bankning ijtimoiy-ekologik dasturlardagi ishtiroki xususida ham so'z yuritildi.
"Ekotizimni saqlash va mustahkamlashda har bir shaxs daxldorlik his-tuyg'ulari bilan yashashi, hissa qo'shishi hayot-mamot masalasidir, – deya ta'kidladi "Green banking" departamenti direktori Bobur Sultonmurodov. – Bank jamoasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan "Yashil makon", "Dolzarb 40 kunlik" va "Avtomobilsiz kun" singari ko'plab jamoat loyihalarida faol qatnashib kelmoqda. Xususan, "Yashil makon" loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida jami 90 ming tup, kuzgi ko'chat ekish tadbirida 76 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko'chatlari ekildi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi tog' va tog' oldi hududdagi 11 gektar yer maydoniga 5,5 ming tup bodom ko'chati, poytaxtimizdagi "Barhayot" mahallasida esa, 200 tup mevali daraxt ekib, "Yashil bog'" yaratdi. "Zomin" qo'riqxonasi hududini ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida ishtirok etdi".
E'tiborlisi, bank tomonidan ko'chat ekish ishlarining bajarilishida iqlim sharoitga mos, suvsizlik va qurg'oqchilikka chidamli ko'chatlar turlarini tanlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ekilgan ko'chatlarni parvarishlash uchun alohida mutaxassislar jalb qilinib, yashil maydonlarga tomchilatib sug'orishning ilg'or texnologiyalari o'rnatilmoqda.
Darhaqiqat, "yashil" bank tamoyillari muassasaning ishlab chiqarish faoliyatida ham keng qo'llanilmoqda. Bank energiya siyosatida uning barcha bino va inshootlarini loyihalash, rekonstruksiya qilish, qurish va jihozlashda sertifikatlangan energiya tejovchi texnologiya va uskunalardan foydalanish tartibga solingan.
"Bugungi kunda bank bosh ofisi hamda hududiy tarmoqlari binolariga umumiy quvvati 1480 kVt bo'lgan quyosh panellari o'rnatilgan, – dedi Bobur Sultonmurodov. – Ular yordamida 2023-yilda 1,4 mln. kVt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilib, natijada 1 mlrd. 256 mln. so'm iqtisod qilindi. Bundan tashqari, bank tizimida qog'oz iste'molini yiliga 50 foizga qisqartirish, bank tarmoqlari atrofiga xodimlar uchun veloturargohlar barpo etish hamda manzarali va mevali daraxtlar o'tkazish choralari ko'rildi".
Matbuot anjumanida bank faoliyatida barqaror "yashil" iqtisodiyotni barpo etishga ko'maklashish sa'y-harakatlari davomli ekanligi ta'kidlandi. Moliyaviy resurslarni ko'paytirish asnosida elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gazni tejash, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, chiqindilarni oqilona boshqarish va cho'llanishni qisqartirish kabi ustuvor vazifalar ijrosida kamarbasta bo'lishi aytib o'tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi