Budapeshtdan tabrik: O‘zbek tilini ulug‘lash bebaho merosni e’zozlashdir

Oktabr 22, 2026. 21:30 • 3 daq

• 144
Budapeshtdan tabrik: O‘zbek tilini ulug‘lash bebaho merosni e’zozlashdir

BUDAPЕSHT, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Etvosh Lorand nomidagi Budapesht universiteti Sharqshunoslik instituti direktori, professor Benedek Peri O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga tabrik yo‘lladi:

– O‘zbek tilini ulug‘lar ekanmiz, biz faqat muloqot vositasini emas, balki boy adabiy an’analar, asrlar osha yashab kelayotgan madaniy meros, o‘tmishni bugungi kun bilan bog‘lab turgan betakror tilni ham tarannum etamiz.

O‘zbek tili tarixi turkiy xalqlar olamining buyuk shoir va mutafakkirlaridan biri Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liq. Navoiy boy ijodi orqali turkiy tilda inson qalbining eng teran tuyg‘ulari va tafakkurini ifodaladi.

Navoiy o‘zining mashhur “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilni forsiy til bilan qiyoslab, uning badiiy imkoniyatlarini asoslab berdi. Uning buyuk ijodi faqat yuksak badiiy qiymatga ega she’rlar yaratish bilangina cheklanmaydi. U Markaziy Osiyo bo‘ylab avloddan-avlodga o‘tib, ko‘plab shoir va yozuvchilarni ilhomlantirib kelgan adabiy an’ananing qaror topishiga ham ulkan hissa qo‘shdi.

Navoiyning eng mashhur hikmatli so‘zlaridan biri bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan muhim bir tamoyilni ifodalaydi: “Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz”.

Bu hikmatli so‘zlar bizga til shunchaki so‘zlar va grammatik qoidalar majmui emasligini eslatadi. Til muayyan xalqning umumiy xotirasi, qadriyatlari, tasavvur olami va dunyoni anglash tarzini o‘zida mujassam etadi.

Zamonaviy o‘zbek tili asrlar davomida shakllanib, taraqqiy etib kelgan. Shu bois uni Navoiy yashagan davrdagi chig‘atoy tili bilan aynan bir narsa deb qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shunga qaramay, Navoiyning sa’y-harakatlari bilan yuksak bosqichga ko‘tarilgan adabiy meros bugun ham o‘zbek madaniy o‘zligining ajralmas qismidir.

Bugungi o‘zbek tili sohiblari ana shu an’ananing vorislaridir. Ular nafaqat tarixiy ildizlari tufayli, balki o‘tmish asarlarini mutolaa qilish, talqin etish va ularga yangicha hayot bag‘ishlash orqali ham bu merosni davom ettirmoqda.

O‘zbek tilini ulug‘lash bebaho merosni e’zozlashdir. Har bir avlod o‘z tilini boyitish, uning adabiy xazinalarini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish imkoniyatiga ega.

Magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarim bilan chig‘atoy tili darsini o‘tkazdim. Dars davomida zamonaviy o‘zbek tilining tarixi va bugungi holatiga oid muhim masalalarni muhokama qilib, O‘zbek tili bayramini nishonladik.

O‘zbek tili adabiyot, ilm-fan, ijod va kundalik hayot tili sifatida hamisha ravnaq topib boraversin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish