O'zbekiston va Kot-d'Ivuar o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatildi
Aprel 30, 2025. 15:28 • 42 soniya
• 305
NYU-YORK, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. 29-aprel kuni Nyu-York shahrida O'zbekiston va Kot-d'Ivuar Respublikasi o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatish to'g'risidagi Qo'shma kommyunike imzolandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug'bek Lapasov va Kot-d'Ivuarning BMTdagi doimiy vakili Tiyemoko Moriko imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo'shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o'zaro manfaatli yo'nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, G'arbiy Afrikada joylashgan Kot-d'Ivuar O'zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan 160-davlatga aylandi.
Mazkur hujjatning imzolanishi O'zbekistonning Afrika qit'a mamlakatlari bilan o'zaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam bo'ldi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan 159-davlat Tinch okeanidagi orol-mamlakat, Yer yuzidagi eng kichik mustaqil respublika – Nauru hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi