Londonda o‘zbek milliy to‘qimachilik san’atiga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

Noyabr 14, 2026. 16:00 • 2 daq

• 5
Londonda o‘zbek milliy to‘qimachilik san’atiga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

LONDON, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘zbek milliy to‘qimachilik san’atiga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi madaniy elchisi, to‘qimachilik dizayni sohasi mutaxassisi Shaxina Mirjonova olib bordi. Mahorat darsi Londondagi “Third Culture Kid” (TCK) xalqaro hamjamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda turli mamlakatlar vakillari qatnashdi.

TCK hamjamiyati hayotini turli xorijiy mamlakatlarda o‘tkazgan kishilarni birlashtirib, madaniyatlararo muloqot va tajriba almashishni rag‘batlantiradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zbek milliy matolarining o‘ziga xos xususiyatlari, ikat to‘qimachiligi tarixi, uning tayyorlanish jarayoni va naqshlaridagi ramziy ma’nolar bilan tanishdi. Shuningdek, an’anaviy to‘qimachilik usullaridan foydalangan holda, maxsus dastgohsiz qo‘lda miniatyura to‘qima namunalarini yaratdi.

Mazkur tadbir o‘zbek milliy madaniy merosi va hunarmandchilik an’analarini Buyuk Britaniyada keng targ‘ib etish, xorijiy jamoatchilikni o‘zbek san’ati bilan yaqindan tanishtirish hamda madaniy diplomatiya orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish