Belarusning Mogilyov viloyatida o‘zbekistonlik talabalarning ta’lim olish sharoitlari muhokama qilindi
Noyabr 14, 2026. 16:30 • 56 soniya
• 99
MOGILYOV, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov Belarusning Mogilyov viloyati oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida o‘quv jarayonini tashkil etish, yotoqxonalardagi yashash sharoitlari va talabalarning kundalik hayoti, shuningdek, dolzarb ijtimoiy masalalar muhokama qilindi.
Oliy o‘quv yurtlari vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli barcha o‘zbekistonlik yoshlar qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida tahsil olmoqdalar. Ular orasida magistratura talabalari ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘quvchilarning bilim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Uchrashuvda O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati, ularning ta’lim-tarbiyasi hamda faol, bilimli va mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib voyaga yetishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot yakunida vatandoshlarimizning fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollar muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi