Logo

Fransiyaning Grets-Armenvil shahrida Abu Rayhon Beruniyga haykal o'rnatildi

Mart 03, 2025. 12:24 • 3 daq

413
Fransiyaning Grets-Armenvil shahrida Abu Rayhon Beruniyga haykal o'rnatildi

GRETS-ARMENVIL, 3-mart. /"Dunyo" AA/. Shu yil 1 mart kuni Fransiyaning Grets-Armenvil shahridagi "Uranoskop" rasadxonasi hududida o'zbek xalqining buyuk ajdodi, astronom va faylasuf Abu Rayhon Beruniy haykalining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Tadbirda Grets-Armenvil shahar ma'muriyati va Uranoskop observatoriyasi rahbariyati, mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Grets-Armenvil Parijdan 32 kilometr uzoqlikda Il-de-Frans hududida joylashgan bo'lib, shahar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun jozibador manzil hisoblanadi. Shahar "Château d'Armainvilliers" qal'asi (1877), Sent-Jan-Baptista cherkovi (XV asr), Armenvil milliy bog'i va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan mashhur.

"Uranoskop" fransuz rasadxonasi 1983-yilda tashkil etilgan. Rasadxona Parij rasadxonasi va "Université Paris-Saclay" bilan hamkorlikda Quyosh tizimining kichik jismlarini, shuningdek, meteoritlarni o'rganish dasturi doirasida faoliyat yurituvchi ilmiy markaz hisoblanadi.

Abu Rayhon Beruniy haykalining ochilish marosimida Grets-Armenvil shahri meri Jan-Pol Garsiya Robin, Uranoskop observatoriyasi prezidenti Kristian Bourdi, O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev so'zga chiqdilar.

Ular ushbu yodgorlikning ochilishi muhim sana – O'zbekiston va Fransiya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 33 yilligiga to'g'ri kelganini ta'kidladilar. Bu voqelik, shuningdek, o'zbek va fransuz xalqlari o'rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekanligi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari Sharq Uyg'onish davrining buyuk namoyondasi, jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan Abu Rayhon Beruniy hayoti bilan tanishdilar. Beruniy astronomiya, matematika, falsafa, geografiya, etnografiya, antropologiya, geologiya, botanika, farmakologiya kabi fanlar chuqur o'rgangani va ular haqida ko'plab kitoblar yozgani bildirildi.

Beruniy Yerning aylanishi haqidagi ilk nazariyalarni ilgari surgan va uning radiusini to'g'ri aniqlagan.

Hozir kunda Beruniy qalamiga mansub ayrim asarlarning asl nusxalari Fransiya Tibbiyot akademiyasida saqlanmoqda.

O'zbekistonda Al-Beruniyning ilmiy-ma'rifiy merosini o'rganish va keng targ'ib etishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Qayd etilganidek, buyuk olimning ilmiy kashfiyotlarini o'rganish va ommalashtirishga qo'shgan hissasi uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O'zbekiston xalqaro mukofotining ta'sis etilishi mamlakatimiz rahbariyatining yorqin tashabbuslaridan biri bo'ldi.

O'zbekistonda Al-Beruniyga bag'ishlangan turli ilmiy forumlar, konferensiyalar va ko'rgazmalar o'tkazish bo'yicha tashabbuslar ham faol ilgari surilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 4-6 sentyabr kunlari YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida olim tavalludining 1050-yilligiga bag'ishlangan yirik ko'rgazma tashkil etildi.

Jan-Pol Garsiya Robin, Grets-Armenvil shahri meri:

– Buyuk o'zbek qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy haykalining ochilishi Grets-Armenvil shahri uchun katta voqeadir. Ushbu yodgorlikni o'rnatishda har tomonlama yordam bergan O'zbekiston hukumatiga shahrimiz aholisi nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Shuningdek, ushbu yodgorlikni yaratgan fransuz haykaltaroshi Missor Movaxedga ham o'z tashakkurimizni izhor etamiz.

28-fevral kuni biz har 100 yilda bir marta sodir bo'ladigan ajoyib voqea – Quyosh sistemasidagi sayyoralarning bir xil tekislikda aylanishiga guvoh bo'ldik. Bugun esa shahrimizda buyuk astronom Abu Rayhon Beruniy haykali ochildi. Bu voqealar ramziy ma'noga ega, deb o'ylayman.

Kristian Bourdi, "Uranoskop" rasadxonasi prezidenti:

– 1 mart sanasi O'zbekiston va Fransiya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilgan kun sifatida tarixda muhrlangan. Ushbu sana O'zbekiston-Fransiya do'stligini mustahkamlaydi. Fransuzlar o'zbek xalqiga, uning boy tarixiga, betakror madaniyatiga hurmat bilan yondashadi. Tarixiy Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari fransuz sayyohlarini o'ziga faol jalb etmoqda. Yurtingizga borayotgan fransuz sayyohlari soni ham yildan-yilga oshib borayotir.

Fransuzlar tarix, qadimiy meros va madaniyatga juda qiziqadi. Shuning uchun ham ular O'zbekistonga borish va ajoyib mamlakatingizni kashf etishdan doimo xursand bo'ladilar. Grets-Armenvil shahrida Abu Rayhon Beruniy haykalining o'rnatilishi ana shu boy madaniyatning asrlar osha ta'siridan dalolatdir, chunki gap bundan ming yil avval yashab o'tgan olim haqida ketmoqda. Bu haqiqatan ham munosabatlarimiz tarixida Abu Rayhon Beruniyning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasiga ko'rsatilgan hurmat belgisidir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish