O'zbekiston diplomatlari Janubiy Koreyaning Asan va Chonan shaharlaridagi vatandoshlar bilan uchrashuv o'tkazdi
Noyabr 11, 2025. 17:14 • 2 daq
• 151
SEUL, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Asan va Chonan shaharlarida vaqtincha yashab kelayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi o'zgarishlar haqida so'z yuritildi. Yig'ilganlarga davlatimiz rahbarining chet eldagi vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan so'nggi farmon va qarorlari yuzasidan atroflicha ma'lumot berildi. Shuningdek, yoshlar to'g'risidagi davlat siyosati, ularning sifatli ta'lim olishi va bandligini ta'minlash uchun qaratilgan chora-tadbirlar bo'yicha fikr almashildi.
Uchrashuvlar doirasida Migratsiya agentligi xodimlari tomonidan konsullik-huquqiy masalalari bo'yicha sayyor qabul tashkil etilib, unda fuqarolarga konsullik ro'yxatiga kirish, tug'ilganlik haqidagi guvohnoma, xorijga chiqish pasporti va FHDYO hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Janubiy Koreya Mehnat vazirligi tomonidan "Ye-9" turidagi viza egalariga berilayotgan keng imkoniyatlar va qonunchilikdagi o'zgarishlar bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.
Muloqot yakunida elchixona va vatandoshlar o'rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash, kelgusi yilga rejalashtirilgan muhim tadbirlarda faol ishtirok etishga kelishib olindi.
Bunday tadbirlar joriy yilning dekabr oyida Janubiy Koreyaning boshqa shaharlarida ham tashkil etilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi