Logo

O'zbekiston elchixonasi Hindistonning Gurugram shahrida vatandoshlarimiz pulini o'marib ketish bilan bog'liq vaziyatni o'z nazoratiga oldi

Dekabr 26, 2023. 12:55 • 2 daq

717
O'zbekiston elchixonasi Hindistonning Gurugram shahrida vatandoshlarimiz pulini o'marib ketish bilan bog'liq vaziyatni o'z nazoratiga oldi

DEHLI, 26-dekabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning «Press Trust of India» axborot agentligi ushbu mamlakatning Gurugram (Gurgaon) shahrida politsiya libosida bo'lgan bir guruh shaxslar o'zbekistonlik fuqaro pulini o'marib ketgani haqida ma'lumot tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Gurugram shahrining 53-sektorida shanba kuni kechki soat 21.00 atrofida mehmonxonaga qaytib kelayotgan uch nafar aka-ukani politsiyachilar to'dasi go'yoki hujjatlarni tekshirish bahonasida to'xtatgan. Ular sumkalarni ko'zdan kechirish jarayonida 16 ming AQSH dollarini o'g'irlab, qochib ketgan.

O'zini B.S. deb tanishtirgan O'zbekiston fuqarosi Gurugram shahrida joylashgan "Artemis" shifoxonasiga buyrak ko'chirish amaliyotini o'tkazish uchun kelgan.

B.S. ushbu voqea yuzasidan mahalliy politsiya idorasiga murojaat qilgan. "Mashinadagilar o'zlarini politsiya xodimlari sifatida tanishtirdi, shaxsiy guvohnomalarini ko'rsatib, sumkalarimizni tekshirish kerakligini aytdi", deb ta'kidlangan shikoyat xatida.

Hozir Gurugram shahrining 53-sektori politsiya bo'limi tomonidan jinoyat qonunchiligining 379A (tortib olish orqali o'g'irlik), 419 (o'zini boshqa kishi deb tanishtirish yo'li bilan aldash) va boshqa moddalari bo'yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o'tkazildi, vaziyat nazoratga olindi.

Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga turli maqsadlar, jumladan, tibbiy muolaja olish niyatida kelish paytida turli shubhali guruh yoki shaxslarning gaplariga ishonib qolmaslik, ayniqsa, moliyaviy masalalar bilan bog'liq vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlik talablariga qat'iy rioya qilish, yirik miqdordagi naqd pul ishlatmaslik, balki bank kartalaridan yoki pul o'tkazish amaliyotidan keng foydalanishga chaqiradi.

Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko'rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:

Telefon: +91 11 2467 0774/75

Telegram-bot: @consuluzbindia_bot

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish