O'zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Ural federal okrugidagi vatandoshlar bilan uchrashuv o'tkazdi
Noyabr 23, 2025. 12:02 • 3 daq
• 210
YEKATERINBURG, 23-noyabr. /"Dunyo" AA/. 17-19-noyabr kunlari "Vatandoshlar" jamoat fondi raisi Odiljon Sattarov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Ural federal okrugining Chelyabinsk, Sverdlovsk va Tyumen viloyatlarida amaliy tashrif bilan bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, mamlakatimiz madaniyat namoyandalari o'rin olgan bo'lib, ular tashrif davomida viloyatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va mahalliy oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar, jumladan, Chelyabinsk viloyatida "Avgust", "NPO Sad i ogorod" va "Arxitektor Platforma" kompaniyalari xodimlari bilan suhbatlar o'tkazdi.
Uchrashuvlar davomida Bosh konsul Jahongir Parmanov ishtirokchilarning dolzarb konsullik-huquqiy savollariga javob berdi, rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirdi va Rossiya qonunchiligiga rioya qilishga qaratilgan profilaktik suhbatlar o'tkazdi. O'z navbatida, "Vatandoshlar" jamoat fondi raisi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida co'zlab berdi.
Tashrif davomida Sverdlovsk viloyatidagi "Profstroy" korxonasi va "Averton snack" kompaniyasida 300 ga yaqin vatandoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Suhbat chog'ida patent olish uchun imtihon topshirish va ishchilar uchun rus tili kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o'zbek tilidagi badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash maqsadida ish o'rinlarida o'zbek milliy kutubxonalarini tashkil etish bo'yicha takliflar ko'rib chiqildi. Bosh konsulxona xodimlari va jamg'arma vakillari o'zaro hamkorlikda kutubxonalar ochish chora-tadbirlari yuzasidan kelishib oldilar.
Delegatsiya a'zolari tomonidan Yekaterinburg shahrida mamlakatimiz Davlat bayrog'i qabul qilinganining 34 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri tashkil etilib, unda 220 nafardan ortiq hamyurtlarimiz ishtirok etdi. O'zbekiston vakillari yig'ilganlarni tabriklab, xorijdagi o'zbekistonliklarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha davlat siyosati bilan tanishtirdi. Tadbir taniqli san'atkor ishtirokidagi konsert dasturi va Vatanga bag'ishlangan she'rlar o'qilishi bilan davom etdi.
Shuningdek, delegatsiya Tyumen viloyatida ham bo'lib, "Xarizma" qurilish kompaniyasida ishlayotgan o'zbekistonliklar bilan uchrashdi. Muloqot chog'ida konsullik-huquqiy masalalar bo'yicha maslahatlashuvlar o'tkazilib, mahalliy qonun-qoidalarga rioya etish bo'yicha tavsiyalar berildi.
Tashrif yakunlari bo'yicha vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash, jumladan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, rus tilini o'rganish kurslarini tashkil etish, shuningdek, til, madaniyat va an'analarni saqlab qolishga yordam beradigan o'zbek milliy kutubxonalarini yaratish bo'yicha ustuvor chora-tadbirlar belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi