Logo

Malayziyada murakkab ahvolga tushib qolgan ikki nafar hamyurtimiz O'zbekistonga olib kelinadi

Avgust 29, 2025. 16:09 • 50 soniya

76
Malayziyada murakkab ahvolga tushib qolgan ikki nafar hamyurtimiz O'zbekistonga olib kelinadi

KUALA-LUMPUR, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Malayziyada deportatsiya markazida saqlanayotgan va murakkab ahvolga tushib qolgan ikki nafar vatandoshimiz yurtimizga qaytariladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu insonparvarlik ko'magi mamlakatimizda e'lon qilingan 30-iyuldan 30-avgustgacha bo'lib o'tayotgan "Vatanga qaytarish" aksiyasi doirasida amalga oshirilyapti.

O'zbekiston elchixonasi xodimlari Malayziya Ichki ishlar vazirligi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda deportatsiya markazidagi Farg'ona viloyatida tug'ilgan vatandoshimiz M.Yu.ni tez kunlarda O'zbekistonga qaytarish bo'yicha kelishuvga erishilgan.

Yurtdoshimizning pasporti yo'qligi sababli unga elchixona tomonidan Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi va uning yaqinlari ko'magida "Kuala-Lumpur – Toshkent" yo'nalishi bo'yicha aviareysga aviachipta xarid qilindi.

Shuningdek, "Vatanga qaytarish" aksiyasi doirasida Kuala-Lumpur shahrida murakkab vaziyatda qolib ketgan Samarqand viloyatida tug'ilgan fuqaro J.M.ga ham ko'mak berildi.

Diplomatik vakolatxona J.M.ga Malayziya IIV Migratsiya departamenti tomonidan mamlakatni tark etish uchun maxsus ruxsatnoma olishda amaliy yordam ko'rsatdi.

Kuala-Lumpurdagi vatandoshlarimiz tez kunlarda O'zbekistonga, ya'ni o'z oilalari bag'riga qaytariladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish