Logo

Shvetsiyadagi yosh vatandoshlar ilk marotaba o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasida qatnashdilar

May 19, 2025. 15:33 • 2 daq

72
Shvetsiyadagi yosh vatandoshlar ilk marotaba o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasida qatnashdilar

STOKGOLM, 19-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Shvetsiyada tahsil olayotgan maktab o'quvchilari ilk marotaba Alisher Navoiy nomidagi o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasida onlayn tarzda ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Stokgolm maktablarida o'zbek tilini o'rganayotgan yoshlarimiz olimpiada faol ishtiroklari bilan ajralib turishdi.

Olimpiada ishtirokchilari tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirish barobarida, davlatimiz rahbari tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni yuksak baholadilar.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston elchixonasi, "Vatandoshlar" jamoat fondi, Stokgolmdagi O'zbek milliy madaniy markazi va Toshkentdagi Nordik xalqaro universiteti tashabbusi bilan 2025-yil 3-maydan boshlab Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada yashovchi vatandoshlarimizning farzandlari uchun o'zbek tili va madaniyatini o'rgatish bo'yicha onlayn maktab ishga tushirilgan edi.

Mazkur loyiha xorijdagi yurtdoshlarni ona Vatanga va o'zbek tiliga bo'lgan muhabbatini yanada oshirish, ularga madaniyatimiz va tariximizni o'rgatish, chet elda yashayotgan hamda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimizni jipslashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Zilola Yo'lchiyeva, O'zbek milliy madaniy markazi rahbari:

– Bu kabi olimpiadalar yoshlarni ta'lim yo'lida birlashtirib, o'zbek tilini qadrlash va asrashga undaydi. Biz ushbu olimpiadada qatnashgan barcha faol yoshlarimiz bilan faxrlanamiz.

Olimpiadada qatnashayotgan maktab va gimnaziya bitiruvchilariga hayotning yangi bosqichida kuchli iroda va omad tilayman. Shuningdek, ulardan ta'lim, tarbiya, ilm-fan, ma'rifat, sport va madaniyat singari yo'nalishlarda intilishdan to'xtamasliklarini so'rayman.

Gavxar Xoldjigitova, Stokgolm til markazi o'zbek tili o'qituvchisi:

– Mazkur olimpiadada ikki nafar o'quvchim ishtirok etdi. O'zim ham, o'quvchilarim ham judayam hayajondamiz. Chunki bu musobaqa xorijdagi vatandoshlar uchun ilk marotaba tashkil qilindi.

Bu kabi tanlovlarni judayam muhim deb hisoblayman. O'zbek yoshlari dunyoning qaysi burchagida istiqomat qilmasin, o'zining ona tilini unutmasligi kerak.

O'zbekiston hukumatiga mazkur olimpiadani tashkil qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Bu kabi tadbirlar xorijdagi o'qituvchi va o'quvchilar uchun juda ham muhim. Bunday olimpiadalarning muntazam davom etishini istaymiz.

Umed Ishankulov, olimpiada ishtirokchisi:

– Olimpiadadan olgan taassurotlarim juda zo'r. To'g'risi, ozgina xayajonlandim. Olimpiada yuqori darajada tashkil etildi. Bunday tadbirlar ko'proq o'tkazilishini ko'llab-quvvatlayman.

Barcha ishtirokchilarga omad tilayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish