Skandinaviya davlatlaridagi vatandoshlarning farzandlari uchun o'zbek tilidagi onlayn maktab ochildi
Aprel 28, 2025. 15:25 • 2 daq
• 193
STOKGOLM, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Skandinaviya davlatlaridagi vatandoshlarning farzandlarini o'zbek tilida o'qitish bo'yicha onlayn maktab ochildi, xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Loyiha Toshkent shahridagi Nordik xalqaro universiteti va Skandinaviya davlatlaridagi o'zbek vatandoshlari uyushmalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, o'zbek tilini mavqeini oshirish, ayniqsa xorijda istiqomat qilayotgan va vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan yurtdoshlarimiz farzandlariga ona tilini o'rgatish, ular ongida milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni singdirish masalalariga davlat darajasida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etishda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar ham faol ishtirok etyapti.
26 aprel kuni mazkur loyihani ishga tushirish bo'yicha vebinar o'tkazildi. Unda loyiha tashabbuskorlari, Shvetsiya, Daniya va Norvegiyadagi yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi. Vebinarda o'quv mashg'ulotlarini tashkil etish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.
– Skandinaviya davlatlarida minglab o'zbek yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi va mehnat faoliyati bilan shug'ullanadi. Ular bilan o'tkazilgan muloqotlarda vatandoshlarni tashvishga solayotgan eng asosiy mavzulardan biri – bu yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash ekanligi ma'lum bo'ldi. Jahon tajribasidan ma'lumki, ikkinchi va uchinchi avlod muhojirlarida ushbu rishtalarning susayishi va hatto uzilish xavfi mavjud. Farzandlarga ona tilini o'rgatish orqali bunday "ko'rinmas" tahdidning oldini olish mumkin. Davlat-xususiy sheriklik shaklida ishga solinayotgan loyihamizning asl maqsadiyam shundan iborat – deydi Toshkent Nordik xalqaro universiteti rektori, professor Sherzod Mustafoqulov.
– Shvetsiyadagi minglab yurtdoshlarimiz ushbu loyihani qo'llab-quvvatlamoqda. Birinchi mashg'ulotimizni joriy haftada boshlaymiz, unga qiziqish juda katta. Ilk kunlardanoq 100 dan ortiq bola ro'yxatdan o'tdi. Eng asosiy yurtdoshlarimiz ushbu loyihadan juda xursand. Bularning negizida, eng avvalo, davlatimiz rahbarining bizga, Vatandan uzoqda istiqomat qilayotgan va mehnat qilayotgan o'zbekistonliklarga qaratayotgan katta e'tibori yotibdi, – dedi loyiha tashabbuskorlaridan biri, Shvetsiyadagi O'zbek milliy madaniy markazi rahbari Zilola Yo'lchiyeva.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Qozog‘istonning Atirau viloyatidagi vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi
AQShdagi Braun universitetida otishma vaqtida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni nishonlandi
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi