Logo

O'zbekistonlik talaba Sankt-Peterburgda o'tkazilgan "Moviy lenta" tanlovida birinchi o'rinni egalladi

Iyun 27, 2025. 15:02 • 52 soniya

444
O'zbekistonlik talaba Sankt-Peterburgda o'tkazilgan "Moviy lenta" tanlovida birinchi o'rinni egalladi

SANKT-PETERBURG, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida "Moviy lenta" tanlovi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Quvonarlisi, Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universitetining "Liboslar dizayni" yo'nalishi bo'yicha tahsil olayotgan hamyurtimiz Mohinur Komolova mazkur tanlovda birinchi o'rinni egalladi.

Sankt-Peterburg shahar Transport qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan "Moviy lenta" tanlovida Rossiya va yaqin xorijiy mamlakatlardan kelgan 90 nafar yosh dizaynerlar ishtirok etdi.

Qatnashchilarga tanlov sharti sifatida haydovchilar, konduktorlar, metro navbatchilari va mashinistlar kabi bir qator kasblar uchun funksional hamda zamonaviy yagona kiyimlar to'plamini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. 480 taga yaqin eskiz taqdim etilgan saralash bosqichi yakunida final uchun 29 ta loyiha tanlab olindi.

Ayollik nafosati, o'ziga xoslik va Rossiya madaniy poytaxtining an'analariga hurmat ruhini o'zida jamlagan hamyurtimizning dizaynerlik ishi, tanlov yakunida hakamlar hay'ati tomonidan tengsiz deb topildi.

–O'zbekiston farzandi sifatida ushbu tanlovda ishtirok etish men uchun katta sharaf, – dedi Mohinur Komolova. – Umid qilamanki, mening g'alabam xalqimni ulug'laydi va mamlakatimizdagi boshqa yosh dizaynerlarni ilhomlantiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish