Tataristonda to‘xtatilgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar avtobusi bilan bog‘liq vaziyat ijobiy hal etildi
Noyabr 04, 2026. 11:30 • 2 daq
• 293
ALMЕTЕVSK, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tataristonning Almetevsk shahrida Moskva–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan hamda bortidagi 51 nafar yo‘lovchisi bilan YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan “Yutong” rusumli avtobus bilan bog‘liq vaziyat ijobiy hal etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Avtobus 31-oktabr kuni ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining migratsiya qonunchiligini buzish holatlari aniqlangach, jarima maydonchasiga joylashtirilgan edi. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi yo‘lovchilarning yuklari bilan birga muhrlab qo‘yilgandi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining aralashuvidan so‘ng yo‘lovchilarning buyumlari boshqa avtobusga o‘tkazildi. 2-noyabr kuni barcha O‘zbekiston fuqarolari o‘z yuklarini olib, safarini davom ettirdi.
Bo‘lib o‘tgan voqea munosabati bilan Bosh konsulxona xalqaro avtobus qatnovlari ustidan nazoratni kuchaytirish, chipta sotish vaqtida yo‘lovchilarning migratsiya hujjatlarini tekshirish, yo‘lovchilar tomonidan migratsiya qonunchiligi buzilgani uchun haydovchilarni javobgarlikka tortish amaliyotini muhokama qilishni taklif etdi.
Bundan tashqari, muntazam qatnovchi avtobuslarning Rossiya va Qozog‘iston chegara punktlaridan o‘tishini soddalashtirish bo‘yicha Rossiya tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish, ayniqsa qish mavsumi arafasida, qatnovlar oldidan transport vositalarining texnik nazoratini kuchaytirish taklifi ilgari surildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi