Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Italiya xalqaro chorvachilik ko'rgazmasida ishtirok etdi

Dekabr 05, 2023. 12:20 • 2 daq

276
O'zbekiston delegatsiyasi Italiya xalqaro chorvachilik ko'rgazmasida ishtirok etdi

RIM, 5-dekabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 30-noyabr - 2-dekabr kunlari Italiyaning Kremona shahrida 78-Xalqaro chorvachilik ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko'magida Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi vakillari, Buxoro, Toshkent, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari ishbilarmon doira vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi mazkur ko'rgazmada ishtirok etdi.

Ko'rgazmada soha vakillari 200 dan ziyod xorijiy kompaniyalarning qishloq xo'jaligi texnika va uskunalari, naslli qoramol, sut sog'ish, qayta ishlash va qadoqlash texnologiyalari, biogaz ishlab chiqarish, avtomatlashtirish, ozuqa ekinlari urug'lari va dori preparatlari namoyish qilindi. Tadbirda innovatsiya va hayvon salomatligi bo'yicha Italiyada erishilgan yutuqlar o'rganildi.

Italiya savdo agentligi (ITA) ko'magida tashkil etilgan tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiya a'zolari xalqaro tashkilot, Italiya davlat muassasalari va qator kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazish hamda ilg'or xorijiy tajriba bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'lishdi.

O'tkazilgan muzokaralarda Italiya tomoniga so'nggi yillarda mamlakatimizda chorvachilik sohasidagi jadal islohotlar, erishilgan yutuqlar, mavjud salohiyat va investitsiya imkoniyatlari haqida ma'lumot berildi.

Yevropa zootexnika fanlari federatsiyasi, Italiya chorvachilik va akvakultura ilmiy tadqiqot markazi va Italiya chorvachilik uyushmasi vakillari O'zbekistonda chorva mollarini identifikatsiya qilish, xususan, qonunchilikni takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish, xorijiy konsultantlarni jalb qilish va boshqa yo'nalishlarda amaliy hamkorlikka tayyor ekanligini ma'lum qildi.

Xususan, mahalliy tadbirkorlar Italiyada chorva mollarini parvarish qilish, ozuqa yemlarini tayyorlash, buzoqlarni saqlash, chiqindilardan biogaz va elektroenergiya ishlab chiqarish hamda avtomatlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Istiqbolli loyihalar doirasida hamkorlik qilish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Kremona xalqaro chorvachilik ko'rgazmasi 1945-yildan beri Italiyada an'anaviy ravishda o'tkazib kelinmoqda. Yarmarka Yevropadagi ushbu sohaga oid eng nufuzli tadbirlardan biri hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish