Logo

O'zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida Varshava universiteti bilan hamkorlikda Arxeologik tahlillar bo'yicha laboratoriya tashkil etiladi

Oktabr 12, 2025. 15:09 • 58 soniya

25
O'zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida Varshava universiteti bilan hamkorlikda Arxeologik tahlillar bo'yicha laboratoriya tashkil etiladi

VARSHAVA, 12-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixona ko'magida O'zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxrom Abduxalimov boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Fanlar akademiyasi delegatsiyasi a'zolari safar davomida Varshava universiteti prorektori Sambor Grucha bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazi va Varshava universitetining Arxeologiya fakulteti o'rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan zamonaviy ilmiy metodlarni joriy etish, tajriba almashish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar "ERC Consolidator" granti doirasida Varshava universiteti Arxeologiya fakulteti professori Malgojata Kot rahbarligida "INASIA - Ular zamonaviy odamlar bo'lganmi? G'arbiy-Markaziy Osiyoda yuqori paleolit muammosi" nomli loyiha muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilayotganini ta'kidladilar.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat olimlar jamoasi, professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirokida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida Varshava universiteti bilan hamkorlikda Arxeologik tahlillar bo'yicha interdissiplinar laboratoriyasini tashkil etish bo'yicha shartnoma imzolandi.

Shartnomaga ko'ra O'zbekiston olimlari yangi laboratoriya uchun tayyorlab berilgan maxsus xonalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi. Laboratoriyaning jihozlanishi va zarur uskunalar bilan ta'minlanishi loyiha byudjeti doirasida ajratilgan grant mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish