Logo

O'zbekiston Markaziy banki va tijorat banklari vakillari uchun Buyuk Britaniyada treninglar tashkil etildi

Iyul 18, 2025. 09:55 • 50 soniya

48
O'zbekiston Markaziy banki va tijorat banklari vakillari uchun Buyuk Britaniyada treninglar tashkil etildi

LONDON, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Britaniyaning "MBF Academy" muassasasi bilan hamkorlikda joriy yilning 8-18-iyul kunlari O'zbekiston Markaziy banki va yurtimizdagi tijorat banklari mas'ul xodimlari uchun Buyuk Britaniyada treninglar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Treninglar eskrou tizimi va qurilishni loyihalashtirish, jumladan banklarda audit va risklarni boshqarishda xalqaro tajribani o'rganish mavzularida bo'lib o'tdi.

O'quvlar davomida Britaniyada eskrou tizimining ishlashi, qurilishni loyihalashtirish va uni sug'urtalash kabi yo'nalishlarda amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

O'zbekiston elchixonasida mazkur kursni tamomlagan tinglovchilar uchun malaka sertifikatlarini topshirish tadbiri tashkil etildi.

Unda O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov, "MBF Academy" rahbari va Bornmut universiteti professori Xurshid Jalilov bitiruvchilarni qutladilar.

"MBF Academy" tashkiloti Britaniyada ta'sis etilgan. U tadqiqot va kasbiy amaliyotni rivojlantirish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari va ixtisoslashtirilgan o'quv dasturlari kabi tadbirlarni ishlab chiqadi.

Mazkur tashkilot shu kungacha O'zbekiston tinglovchilari uchun Britaniyada offlayn shaklda 10 dan ortiq o'quv dasturlarini tashkil qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish