Logo

O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari va Polshaning Yagellon universiteti o'rtasida akademik aloqalar yo'lga qo'yiladi

May 14, 2025. 07:18 • 56 soniya

105
O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari va Polshaning Yagellon universiteti o'rtasida akademik aloqalar yo'lga qo'yiladi

VARSHAVA, 14-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Polshaning Yagellon universiteti prorektori, professor Yaroslav Gornyak va xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig'i Izabela Zaviska bilan uchrashuv bo'lib o'tdi , deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda mamlakatlarimiz o'rtasida ta'lim, ilm-fan va gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Polsha tomoni O'zbekistonda oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. O'zbekiston-Polsha rektorlarining ikkinchi forumi yakunlari va akademik hamkorlikni kengaytirish bo'yicha mumkin bo'lgan qadamlarga alohida e'tibor qaratildi.

Muloqot davomida prorektor Yaroslav Gornyak O'zbekistonning qator oliy ta'lim muassasalari bilan o'qituvchilar almashinuvi, qo'shma yozgi kurslar va ilmiy loyihalar orqali hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Yagellon universitetining Sharqshunoslik instituti o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish – arxeologiya, dinshunoslik, sharq tillariga e'tibor qaratish hamda "Erasmus+" va "Horizon Europe" dasturlarida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar JIDU va Yagellon universiteti xalqaro munosabatlar fakultetlari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvga erishdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish