O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga intilmoqda
Dekabr 18, 2025. 12:41 • 2 daq
• 119
BARNAUL, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Oltoy o‘lkasi gubernatori Viktor Tomenko bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Oltoy o‘lkasining 2025-yildagi hamkorligi yakunlari sarhisob etilib, kelgusi yilga mo‘ljallangan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Viktor Tomenko Oltoy o‘lkasi O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikka alohida ahamiyat berishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston mintaqamizning asosiy xorijiy savdo sheriklari orasida yetakchilardan biri hisoblanadi. 2025-yilning to‘qqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga oshdi”, – dedi Oltoy o‘lkasi rahbari.
Gubernator iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlariga urg‘u berib, Oltoy o‘lkasi O‘zbekistonga yog‘och materiallari, vagonlar, shinalar, rux konsentratlari, farmatsevtika mahsulotlari va uskunalar eksport qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, mamlakatimizdan Oltoy o‘lkasiga meva-sabzavot mahsulotlari, to‘qimachilik, kimyoviy birikmalar va metall prokati yetkazib berilmoqda.
Kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tashkil etilayotgan biznes missiyalari ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishning muhim vositasiga aylanmoqda.
“O‘zbekiston bozoriga sanoat mahsulotlaridan qozonxona uskunalari, vagonlar, armatura yetkazib beriladi. Biz yetkazib berishni ko‘paytirish, jumladan, geologiya-qidiruv va uran qazib olish salohiyatini o‘rganyapmiz”, – deya qo‘shimcha qildi gubernator.
O‘zbekiston bosh konsuli O‘zbekiston tomoni qishloq xo‘jaligidan tashqari kimyo-texnologiya va to‘qimachilik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun noyob platforma – ikki mamlakat Prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining salohiyatini alohida e’tirof etdi.
Hududlararo darajadagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida 2026-yilning fevral–mart oylarida Sirdaryo viloyati ishbilarmon doiralari vakillarining Oltoy o‘lkasiga tashrifini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Turkiya transport sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi