Logo

O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning Sharqiy Midlend hududi o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanadi

Oktabr 06, 2025. 12:59 • 2 daq

18
O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning Sharqiy Midlend hududi o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanadi

LONDON, 6-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi xodimlari amaliy safar bilan Buyuk Britaniyaning Sharqiy Midlend hududiga bordilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar Buyuk Britaniya hududlari bilan savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, oliy ta'lim muassasalari o'rtasida aloqalarni yana-da jadallashtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilish maqsadida amalga oshirildi.

 O'zbekiston diplomatlari, safar davomida Britaniyaning "Rolls-Royce Holdings" korporatsiyasi rahbariyati bilan O'zbekiston va Britaniya o'rtasidagi fuqarolik aviatsiyasi yo'nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qildilar.

Britaniyaning yetakchi muhandislik va dvigatelsozlik giganti hisoblangan "Rolls-Royce" kompaniyasi vakillari uchrashuv chog'ida "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi aviaparkining izchil yangilanishi va kengayishini yuqori baholadi. Xususan, kompaniyaning so'nggi yillarda yangi avlod "Boeing" va "Airbus" samolyotlarini xarid qilish va ekspluatatsiyaga joriy etish orqali o'z parki imkoniyatlarini oshirib borayotgani alohida qayd etildi.

"O'zbekiston vakillarining tashrifidan mamnunmiz. "Rolls-Royce" kompaniyasi "Uzbekistan Airways" va Toshkentdagi tegishli idoralar bilan hamkorlikda Buyuk Britaniya va O'zbekiston o'rtasida yangi aloqalarni o'rnatishdan manfaatdor", – dedi "Rolls-Royce" kompaniyasi savdo direktori Tayyib Ben Sg'ayyir.

Lafboro universiteti Ilm-fan va tadbirkorlik parkida O'zbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan biznes-forum bo'lib o'tdi.

Tadbirda "Intelligent Energy", "MINT Securities", "Trading Standards Institute", "Urban Food Ventures", "Global Consulting UK", "IBTC", "Mahal Properties" kabi yirik kompaniyalar, shuningdek, Birmingem aeroporti, Lecter shahar kengashi, Lafboro universiteti, Kil universiteti biznes maktabi vakillari ishtirok etdi.

Forumda xorijiy tomonga O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, shu jumladan milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida batafsil so'zlab berildi.

Shuningdek, O'zbekiston va Sharqiy Midlend o'rtasida hududlararo aloqalarni rivojlantirish, jumladan savdo-iqtisodiyot, ta'lim, transport, energetika va moliyaviy sohalarda hamkorlik istiqbollarini aniqlash bo'yicha fikr almashildi.

Tadbir yakunida Lafboro universiteti Ilm-fan va tadbirkorlik parki hamda O'zbekistondagi ixtisoslashgan parklar o'rtasida hamkorlik o'rnatish, Sharqiy Midlend hududiga o'zbek qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportini yo'lga qo'yish, sportga oid ta'lim yo'nalishida qo'shma loyihalar amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Tashrif davomida, shuningdek, Vodorod yoqilg'i elementlarini ishlab chiqarish bo'yicha dunyodagi yetakchilardan biri – "Intelligent Energy" kompaniyasi operatsiyalar bo'yicha direktori Martin Shefer bilan ham muzokaralar o'tkazildi.

Diplomatlar kompaniyaning Lafboro universiteti Ilm-fan va tadbirkorlik parkida joylashgan ishlab chiqarish va muhandislik obyektlari faoliyati bilan tanishdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish