O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi professional ta'lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi

Iyun 05, 2025. 16:26 • 2 daq

207
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi professional ta'lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi

NANKIN, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Szyansu provinsiyasining Nankin shahrida "Markaziy Osiyoda professional ta'lim va sanoat integratsiyasi" mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston nomidan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Samarqand davlat universitetining Kattaqo'rg'on filiali delegatsiyasi ishtirok etdi.

Konferensiya kun tartibidan oliy o'quv yurtlari va sanoat korxonalari o'rtasida mustahkam aloqalar o'rnatish, bozor ehtiyojlari va mintaqamizning madaniy xususiyatlarini hisobga olgan holda malakali mutaxassislar tayyorlash kabi masalalar o'rin oldi.

Shuningdek, tadbir doirasida o'zbek va xitoy tillaridagi ikki tilli darsliklar, xususan, til va kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan "Ish muhitida xitoy tili" qo'llanmasining taqdimoti bo'lib o'tdi.

Ushbu o'quv qo'llanmalar o'zbek tilining o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo'lib, mahalliylashtirish va mamlakat ta'lim tizimlariga joriy etish uchun moslashtirilgan.

Bundan tashqari, Xitoy va Markaziy Osiyo o'rtasida siyosat, bozor va huquqiy tartibga solish sohasidagi hamkorlik yo'nalishlarini aks ettiruvchi strategik hujjat - professional ta'lim bo'yicha birinchi "Oq kitob" nashr etilgani e'lon qilindi.

Xitoylik ekspertlarning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O'zbekistonga nisbatan qiziqish tobora ortib bormoqda. Mamlakatning tili, dini va madaniyatini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qo'shma akademiyalar, kurslar va tadqiqot markazlarini tashkil etish istiqbollariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Anjuman yakunida Szyansu provinsiyasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash bo'yicha maxsus Alyans tashkil etishga kelishib olindi. Mazkur Alyans nashriyotlar, universitetlar va Xitoy korxonalarining qo'shma dasturlarni amalga oshirishga imkoniyat yaratuvchi hamda kadrlar tayyorlash va darsliklar ishlab chiqish borasida ikki mamlakatni o'zaro birlashtiruvchi birinchi platforma bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish