Logo

O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida ittifoqchilik aloqalari media sohasida ham yanada mustahkamlanmoqda

Sentabr 30, 2025. 13:38 • 2 daq

73
O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida ittifoqchilik aloqalari media sohasida ham yanada mustahkamlanmoqda

BOKU, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Boku shahrida qardosh xalqlar – O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi do'stlik va hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan II O'zbekiston–Ozarbayjon mediaforumi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur nufuzli tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida imzolangan "yo'l xaritasi" doirasida tashkil etildi.

Forumda O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Milliy kontentni rivojlantirish agentligi, vazirlik va idoralar matbuot kotiblari hamda o'ndan ortiq mahalliy OAV vakillari ishtirok etmoqda.

Media – ikki xalqni bog'laydigan mustahkam ko'prik

Bu yilgi mediaforum "Raqamli transformatsiya va media" mavzusiga bag'ishlandi. Unda raqamli texnologiyalarning media sanoatiga ta'siri, global trendlar, yangi imkoniyatlar va sifatli kontent yaratishdagi innovatsion yondashuvlar muhokama qilinmoqda.

Ozarbayjon Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish agentligi ijrochi direktori Ahmad Ismayilov so'zga chiqib, Prezident Ilhom Aliyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat'iy siyosiy irodasi natijasida ikki mamlakat o'rtasidagi tarixiy aloqalar bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganini ta'kidladi. Shu jarayonda media sohasidagi hamkorlik xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yana-da mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti bo'lim mudiri Dilshod Saidjonov ham o'z nutqida, media sohasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish – axborot almashinuvini faollashtirish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va mintaqaviy axborot xavfsizligini ta'minlashda muhim omil ekanini alohida ta'kidladi.

Hamkorlik istiqbollari

Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov raqamli OAV rivoji yangi yondashuvlarni talab etishini, bu jarayonda xalqaro hamkorlikning o'ta muhim ekanini qayd etdi.

O'zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Baxrom Ashrafxonov esa media sohasidagi sheriklik ikki davlat o'rtasidagi strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining ajralmas yo'nalishi ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, qo'shma media platformalar xalqlarimiz umumiy qadriyatlarini keng targ'ib etishda samarali xizmat qilayotgani qayd etildi.

Forumda, shuningdek, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori Nozima Muratova mazkur tadbir oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirib, bo'lajak jurnalistlar uchun zamonaviy bilim va ko'nikmalarni shakllantirishda katta imkoniyatlar yaratishini ta'kidladi.

Media hamkorligi – kelajak uchun mustahkam poydevor

Forum davomida "Raqamli asrda media hamkorligi: axborot xavfsizligi yo'lida qo'shma tashabbuslar" va "Raqamli axborot muhitida axloqiy mas'uliyat" mavzularida panel sessiyalar bo'lib o'tmoqda.

Shubhasiz, bugungi mediaforum nafaqat ikki davlat axborot makonini yaqinlashtiradi, balki xalqaro miqyosda O'zbekiston va Ozarbayjonning umumiy ovozini yana-da kuchaytirib, qardosh xalqlarni birlashtiruvchi mustahkam ko'prikka aylanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish