Logo

O'zbekiston va Shvetsiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yildi

Iyun 18, 2025. 11:12 • 44 soniya

69
O'zbekiston va Shvetsiya oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yildi

STOKGOLM, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Toshkent to'qimachilik va yengil sanoati instituti birinchi prorektori Baxtiyor Nasimov boshchiligidagi ishchi guruhning Shvetsiyaning Buros universitetiga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Ishchi guruh a'zolari safar davomida mazkur oliy bilim yurti prorektori Kim Bolton bilan muzokara o'tkazdi.

Tomonlar barqaror rivojlanish, aylanma iqtisodiyot va to'qimachilik sanoati chiqindilarini qayta ishlash kabi yo'nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

O'zbekiston delegatsiyasi Buros universiteti faoliyati, jumladan to'qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqish jarayoni va tadqiqotlar olib boriladigan laboratoriyasi bilan yaqindan tanishdi.

Shved oliy ta'lim muassasasida bo'lib o'tgan uchrashuvda ikki oliy bilim yurti o'rtasida Phd talabalari almashinuvi va professor-o'qituvchilar malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish yo'nalishida hamkorlik qilish bo'yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Muzokaralar yakunida Buros universiteti bilan hamkorlikni davom ettirish va o'zaro tashriflarni tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish