Logo

O'zbekistonda Buyuk Britaniya bilan birgalikda intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish bo'yicha qo'shma loyihalar amalga oshiriladi

Sentabr 30, 2025. 13:15 • 52 soniya

50
O'zbekistonda Buyuk Britaniya bilan birgalikda intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish bo'yicha qo'shma loyihalar amalga oshiriladi

LONDON, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston adliya vaziri o'rinbosari Muzraf Ikramov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrifi doirasida bir qator uchrashuvlar o'tkazdi va tashkilotlar faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, yurtimiz delegatsiyasi a'zolari Uelsning Nyuport shahrida Britaniya Intellektual mulk idorasi bosh direktori Adam Uilyams bilan muzokaralar o'tkazdi.

Intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish uchun Buyuk Britaniyada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, intellektual mulkdan foydalanishni o'rgatishga, qo'shimcha daromad olishga, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishga qaratilgan "IP partners", "IP Access", "IP healthcare" kabi loyihalarni O'zbekistonda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, London politsiya bo'linmasi bilan hamkorlikda huquq egasiga yetkazilgan zararni aniqlash bo'yicha seminar tashkil etildi. Unda O'zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo'ljallangan intellektual mulk strategiyasini 2027-2030-yillarda davom ettirish bo'yicha takliflarni birgalikda ishlab chiqish kabi qo'shma loyihalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston vakillari Buyuk Britaniya bozorida aniqlangan kontrafakt mahsulotlar ko'rgazmasi va kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashish bo'yicha London politsiya bo'linmasi faoliyati bilan tanishdi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish