Logo

Janubiy Koreya hududlari bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

Noyabr 29, 2024. 09:59 • 3 daq

249
Janubiy Koreya hududlari bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

SEUL, 29-noyabr. /"Dunyo" AA/. Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 25-28-noyabr kunlari savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, shuningdek, "Koreya-Markaziy Osiyo" birinchi mintaqalararo hamkorlik forumida (First Korea-Central Asia Regional Cooperation Forum) ishtirok etish maqsadida tashrif bilan Janubiy Koreyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida delegatsiya Janubiy Koreyaning qishloq xo'jaligi texnikalari ishlab chiqarish bo'yicha eng yirik "TYM" kompaniyasi prezidenti Kim Do Xun bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda respublikamiz hududida qishloq xo'jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek, mahalliy mutaxassislar va texnik xodimlarni tayyorlash bo'yicha servis tarmog'ini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

IT sohasida faoliyat olib borayotgan "Acryl" kompaniyasi rahbari Pak Ve Chin bilan bo'lib o'tgan muloqot chog'ida axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashni ta'minlaydigan IT markazlarni barpo etish va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Yashil iqlim fondining (Green Climat Fund) Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va O'rta Sharq hududlari masalalari bo'yicha direktori Tomas Erikson bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Muzokaralarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga grant mablag'larini jalb qilish masalalari xususida fikr almashildi.

Fond tomonidan O'zbekistonning tegishli tashkilotlari salohiyatini rivojlantirish va milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqishga ko'mak ko'rsatilayotgani yuqori baholandi.

Delegatsiya a'zolari "Koreya-Markaziy Osiyo" birinchi mintaqalararo hamkorlik forumida ishtirok etdi. Shuningdek, forum doirasida bo'lib o'tgan "Mahalliy diplomatiyaning ahamiyati", "Mahalliy hukumatlararo almashinuv holatlari", "Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan mahalliy boshqaruvni tanishtirish" mavzuviy sessiyalarida qatnashdi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ushbu tadbirdagi nutqida, hududlararo muloqotni kengaytirish muhimligi ta'kidlash barobarida, hududlarimiz o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ko'rsatib o'tdi.

Qoraqalpog'iston Respublikasida xotin-qizlarni tadbirkorlikka o'qitish va kasbga yo'naltirish bo'yicha "Ayollar o'quv markazini tashkil etish" loyihasini amalga oshirish maqsadida Koreya Eksim bankining EDCF fondi, Sukmyung ayollar universiteti, Hyundai tadqiqot instituti vakillari bilan uchrashuv o'tkazildi.

Unda belgilangan rejalar asosida loyiha-qurilish ishlarini tez fursatda boshlash yuzasidan kelishib olindi. Ta'kidlash joizki, Koreya Eksim banki EDCF tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan loyihaning umumiy qiymati 38 million AQSh dollari bo'lib, xotin-qizlarni kasbga o'qitish, real tadbirkorlikka yo'naltirish, xotin-qizlar tadbirkorligini keng jamoatchilikka joriy etish va ularning bandligini ta'minlashga qaratilgan. Loyiha qurilishi uchun Nukus shahri hududidan yer maydoni ajratilishi belgilangan va ishga tushirilishi bilan xotin-qizlarni o'qitish hamda qator xizmat ko'rsatish sohalari bo'yicha maxsus kurslar tashkil etish rejalashtirilgan. O'tkazilgan uchrashuvda ushbu belgilangan chora-tadbirlar doirasida ishlarni jadallashtirish bo'yicha rejalar belgilab olindi.

Tashrif davomida Chollanam-do provinsiyasi Mahalliy Kengashi raisi Te-Gyun Kim bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ma'daniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan aniq tashabbuslar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Qoraqalpog'iston va Chollanam-do provinsiyasi o'rtasida do'stlik aloqalarini o'rnatish, iqtisodiy rivojlanish, ilm-fan, texnologiya, ta'lim, qishloq xo'jaligi, sanoat, madaniyat, migratsiya, turizm va sport sohalarida tajriba almashishga qaratilgan kelishuv imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish