Maynsda O‘zbekiston ishtirokida 51-xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tdi

Sentabr 15, 2026. 19:44 • 2 daq

57
Maynsda O‘zbekiston ishtirokida 51-xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tdi
Maynsda O‘zbekiston ishtirokida 51-xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tdi
Maynsda O‘zbekiston ishtirokida 51-xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tdi

MAYNS, 15-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Mayns shahrida turli millat vakillarini madaniy muloqot, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida birlashtirgan 51-xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir doirasida “Do‘ppi” o‘zbek-german madaniy jamiyati tomonidan O‘zbekistonning milliy stendi tashkil etilib, u tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Stendda mamlakatimizning boy tarixi va madaniy merosi, milliy anʼana va qadriyatlari, amaliy sanʼati, hunarmandchiligi, milliy taomlari hamda zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan maʼlumotlar o‘rin oldi.

Germaniyada mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Mehmonlarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent kabi qadimiy shaharlar, ularda joylashgan tarixiy va meʼmoriy obidalar hamda Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq turistik yo‘nalishlar haqida atroflicha so‘zlab berildi.

Nemis tashrif buyuruvchilariga, shuningdek, turizm sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy turistik infratuzilmani rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni yaratish va xorijiy sayohatchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.

Milliy stendda O‘zbekistonning gastronomik merosi ham salmoqli o‘rin egalladi. Mehmonlarga mamlakatimizning turistik jozibadorligini oshiruvchi muhim omillardan biri sifatida anʼanaviy o‘zbek palovi, somsa, non va boshqa milliy taomlar haqida maʼlumot berildi.

Festivalda Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ham faol ishtirok etib, milliy madaniyatimiz, urf-odat va anʼanalarimizni keng namoyish etdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish