Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Latviyaning o'zini o'zi boshqarish institutlari tajribasini o'rgandi

Oktabr 12, 2025. 18:28 • 2 daq

70
O'zbekiston delegatsiyasi Latviyaning o'zini o'zi boshqarish institutlari tajribasini o'rgandi

RIGA, 12 oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida joriy yilning 6-10 oktyabr kunlari O'zbekiston Mahallalari uyushmasi delegatsiyaning Latviyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya Riga va Yelgava shaharlari rahbariyati, shuningdek, Latviya farovonlik vaziri maslahatchisi bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Latviyaning mahalliy boshqaruv tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlik mexanizmlari, shuningdek, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar bilan batafsil tanishdi.

Latviya tomoniga bugunki kunda O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, Mahallalar uyushmasi faoliyati, uning jamoat boshqaruvi tizimidagi o'rni, yurtimizda o'zini o'zi boshqarish institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish va mahalliy darajada qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish bo'yicha ishlar haqidagi so'zlab berildi.

O'zbekiston delegatsiyasi a’zolari Latviyaning aholi bilan manzilli ishlash, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko'rsatish, ayollar va yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash hamda mahalla darajasida jamoaviy hamjihatlik va o'zaro yordamni rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan yaqindan tanishishdi.

Latviya tomoni O'zbekistonda joriy etilgan mahalla institutining o'ziga xosligini, uning ijtimoiy, madaniy va ma’muriy funksiyalarni uyg'unlashtirgan an’anaviy o'zini o'zi boshqarish shakli sifatidagi ahamiyatini yuqori baholadi.

O'zbekiston vakillari safar davomida, shuningdek, Latviyada tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o'tkazdi. Ochiq muloqot shaklida o'tgan suhbat davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Delegatsiya a’zolari tomonidan mahallalar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, yoshlarga berilayotgan kredit va subsidiyalar haqida ma’lumot berildi. Vatanga qaytgandan so'ng ularning bandligini ta’minlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish