Pinangda Oʻzbekiston-Malayziya turizm-forumi boʻlib oʻtdi
Oktabr 05, 2025. 11:48 • 2 daq
• 28

PINANG, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Pinang shtatida Oʻzbekiston-Malayziya turizm-forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Forumda Malayziyaning Pinang shtati ma'muriyati rahbariyati, turoperatorlar, turizm industriyasi ekspertlari, ishbilarmon doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida soʻzga chiqqan yurtimiz elchisi Karomiddiin Gadoyev oxirgi yillarda Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, yangi turizm maskanlari va yoʻnalishlari, sohadagi investitsiya va transport imkoniyatlari toʻgʻrisida toʻxtaldi. Malayziyalik turoperatorlar va investorlar mamlakatimizga sayyohlik va ishchi guruhlari bilan kelishga chaqirildi.
Pinang shtati administratsiyasi vakilli, "Penang Global Tourism" tashkiloti bosh ijrochi direktori Chok Yan malayziyaliklar Oʻzbekistonni boy tarixiy va madaniy merosga ega boʻlgan mamlakat sifatida bilishini ta'kidladi.
Malayziya turizm va turoperatorlari assotsiatsiyasining Pinang shtati boʻyicha boshqarmasi rahbari Karolin Leong oʻz navbatida, turizm sohasida Oʻzbekiston-Malayziya hamkorligi mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, bu fikrni yildan-yilga oʻsib borayotgan sayyohlar oqimida tasdiqlaydi. "Oʻzbekiston madaniy, ziyorat va qishki turizm yoʻnalishlari boʻyicha jozibador makon sifatida Malayziyada tobora ommalashmoqda", dedi u.
Forum davomida mamlakatimiz turkompaniyalari va Malayziyaning Pinang, Kelantan, Kedax, Terengganu shtatlaridagi bir qator turistik shirkatlari vakillari oʻrtasida "V2V" shaklidagi muzokaralar tashkil qilindi. Yakunda Oʻzbekistonga Malayziyadan sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Forum doirasida "Yangi Oʻzbekiston - Ipak yoʻli durdonasi" turizm fotokoʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazmada soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hududlarida barpo etilgan yangi turizm maskanlari, yirik infratuzilma va madaniy meros obyektlari namoyish etildi.
"Bahor" davlat raqs ansambli raqqosalari va sozandalari ishtirokida boʻlib oʻtgan konsert dasturi esa forumning asosiy tadbiri boʻldi. Oʻzbekistonning gastronomik turizmini keng targʻib qilish maqsadida tadbir doirasida oʻzbek milliy palovi tayyorlandi va ishtirokchilarga ulashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi