Logo

Toshkentda tashkil etiladigan global ko'rgazmada Hindiston delegatsiyasi ishtirok etadi

Iyun 27, 2025. 07:27 • 54 soniya

99
Toshkentda tashkil etiladigan global ko'rgazmada Hindiston delegatsiyasi ishtirok etadi

DEHLI, 27-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston Madaniyat vazirligida uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Toshkentda barpo etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi doirasida tashkil etiladigan tadbirlarda, xususan, "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" mavzusidagi global ko'rgazmada Hindiston delegatsiyasining ishtiroki bilan bog'liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Ma'lumki, Hindiston muzeylari va kutubxonalarida O'zbekiston va o'zbek xalqi bilan bog'liq boy meros namunalari saqlanib kelinadi. Ayniqsa, Boburiylar sulolasi davriga mansub tarixiy hujjatlar, "Temurnoma", "Boburnoma", "Jahongirnoma", boshqa noyob asarlarning qo'lyozma nusxalari, hunarmandlik san'ati namunalari bebaho qadr-qimmatga ega.

Muloqot chog'ida ushbu va boshqa salmoqli artefaktlarning "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" mavzusidagi xalqaro ko'rgazmada namoyish qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Hindiston Madaniyat vazirligi bosh boshqarmasi boshlig'i Sanjay Kaul Toshkentda tashkil etilayotgan global ko'rgazmada Hindiston vakillari munosib ishtirok etishi, bu borada yaqindan hamkorlik qilinishini bildirdi.

Dehlida joylashgan Milliy muzeyda bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida ham ushbu yirik muassasa tomonidan global ko'rgazmada namoyish qilish uchun taqdim etiladigan eksponatlar ro'yxati muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish