O'zbekiston vakillari Vengriyaning energetika sohasidagi tajribasini o'rgandi
Oktabr 03, 2025. 13:00 • 2 daq
• 80
BUDAPESHT, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan Yaponiyaning "Nippon" fondi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va mintaqaviy hamkorlik" loyihasi doirasida Vengriyaga bordi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Energetika xavfsizligini ta'minlash, energiya yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni, shu jumladan Markaziy Osiyo bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi Vengriya tajribasini o'rganish hamda olingan bilimlarni keyinchalik O'zbekistonda qo'llash safarning asosiy maqsadi bo'ldi.
Safar davomida Vengriya Energetika vazirligi huzuridagi Energetika strategiyasi instituti, Vengriya atom energiyasi agentligi, Vengriya Xxlqaro munosabatlar instituti, Lyudovika nomidagi milliy davlat xizmati universiteti, Vengriya iqlim siyosati instituti, Dunay instituti, "MVM CEEnergy Zrt." energetika kompaniyasi va uning Energetika tizimini boshqarish markazi rahbariyati va ekspertlari bilan muzokaralar bo'lib o'tdi.
Dastur doirasida O'zbekiston delegatsiyasi Lyudovika nomidagi milliy davlat xizmati universiteti qoshidagi Turkiy dunyoni o'rganish markazining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Ochilish marosimida turkiy dunyodagi strategik qarashlar, geosiyosat va o'zaro bog'liqlik masalalariga bag'ishlangan panel muhokamalari o'tkazildi.
Shuningdek, Vengriya tashkilot va kompaniyalari bilan bo'lib o'tgan muzokaralarda energetika xavfsizligi, "yashil" energetikaga o'tish, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va atom energetikasini jamoatchilik tomonidan qo'llab-quvvatlashni rivojlantirish sohasidagi milliy strategiyalar taqdim etildi. Vengriyalik hamkorlar O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan energetika, akademik almashinuvlar va qo'shma tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, suv xo'jaligi, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, iqlim siyosati sohasidagi o'zaro hamkorlik istiqbollari hamda barqaror rivojlanish sohasidagi qo'shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif o'zbekistonlik ekspertlarga Vengriyaning energetika xavfsizligini ta'minlash, iqlim siyosatini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikka pragmatik yondashuvi haqida qimmatli ma'lumot olish imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi